2025-yil boshidan buyon O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshdi, biroq bu mamlakatdan importni ko‘paytirish hisobiga yuz berdi. Spot ikki tomonlama savdo o‘sishi sabablarini o‘rganib chiqdi.

Yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $9,7 mlrddan oshdi, bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 21,1%ga ko‘pdir. Bunda tovar aylanmasining o‘sishi faqat Xitoydan import qilinayotgan tovarlar va xizmatlar hajmining ortishi hisobiga sodir bo‘ldi.

Sakkiz oy davomida O‘zbekiston mahsulotlarining Xitoyga eksporti deyarli 9%ga pasayib, $1,24 mlrdni tashkil etdi. O‘rtacha oylik yetkazib berish hajmi $150 mln darajasida bo‘ldi. Eng past ko‘rsatkich yanvar oyiga to‘g‘ri kelib, $88 mlndan kamni tashkil etdi, eng yuqori ko‘rsatkich esa fevral oyida qayd etilib, $215,9 mlnga yetdi.

Milliy statistika qo‘mitasining Spot’ga ma’lum qilishicha, eksportning pasayishiga sanoat mahsulotlari hajmining 40,8% ga qisqarishi asosiy omil bo‘lgan.

Yil boshidan buyon O‘zbekiston gazining Xitoyga eksporti 24,1% ga oshib, $494,7 mlnni tashkil etdi (Xitoy statistikasiga ko‘ra — $563,2 mln). Shunday qilib, barcha eksport ta’minotining 40% dan sal kamrog‘i gazga to‘g‘ri keldi.

Shu bilan birga, mamlakat Xitoydan $8,45 mlrdlik mahsulot import qildi (27,3% o‘sish kuzatildi). Birinchi chorakda import hajmi $1 mlrddan kam bo‘lgan bo‘lsa, keyingi davrlarda bu ko‘rsatkich barqaror ravishda ushbu chegara chizig‘idan oshib ketdi va so‘nggi ikki oyda yanada tezlashdi: iyul oyida $1,32 mlrdni (2024-yilning mos oyiga nisbatan 71,3% ko‘p), avgust oyida esa $1,47 mlrdni (52,06% ko‘p) tashkil etdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoydan kimyoviy moddalar va shunga o‘xshash mahsulotlar importi 37,2% ga, sanoat mahsulotlari 29,4% ga, mashinalar va transport uskunalari 23,8% ga oshgan.

Sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisi Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish orqali tovar ayirboshlash hajmini $20 mlrdga yetkazishga kelishib oldilar.


Avvalroq Spot yil boshidan beri O‘zbekistonga Xitoydan sayyohlar uch baravar oshgani haqida yozgandi.