E’tibor qarating: ma’lumotlar faqat nashr etilgan vaqtdagina aktual hisoblanadi va ma’lumot olish uchun taqdim etilgan.
Markaziy bankning 2-oktabr holati bo‘yicha bergan ma’lumotida, dollarning so‘mga nisbatan qiymati 12 084,10 so‘mni tashkil qilmoqda.
Amerika valyutasi 29-sentabr kuni belgilangan 12 067,76 so‘m qiymatga nisbatan 16 so‘m 34 tiyinga oshdi.
2-oktabr kuni sotish kursi banklarda 12 140 so‘mdan 12 100 so‘mgacha belgilandi.
Banklarda sotib olish narxi esa 12 060 so‘mdan 12 025 so‘mgacha yetdi.
Avvalroq Spot sentabr oyida dollarning rasmiy kursi qanday o‘zgargani haqida yozgandi.
O‘zbek so‘mi ketma-ket beshinchi oy dollarga nisbatan mustahkamlanmoqda. Sentabrda milliy valyuta 414 so‘mga, yil boshidan buyon esa 852 so‘mga qimmatlashgan. Dollar kursi 2023-yil avgustidan beri eng past darajaga tushdi.
Dollar nega arzonlashmoqda?
Kap Depo investitsiya kompaniyasi so‘mning mustahkamlanishini uchta sabab bilan izohlaydi: jahon bozorida dollarning zaiflashishi, shuningdek, transchegaraviy tushumlarning o‘sishi va oltin eksporti hajmining ko‘payishi.
Tahlilchilarning fikricha, valyuta kursining 12 ming so‘mdan pastga tushishi dargumon. Oktabr oyi oxiriga kelib dollar 12 400 so‘m atrofida, yil oxiriga kelib esa 12 510−12 620 so‘m atrofida bo‘lishi mumkin.
Investitsiya kompaniyasi tomonidan qayd etilishicha, milliy valyutaning barqarorligi ko‘p jihatdan global valyuta bozori konyunkturasi bilan emas, balki ichki kapital oqimlari va eksport tushumlari bilan ta’minlanadi.