2-okabr kuni o‘lchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
1 gramm oltin 1 mln 547 ming 360 so‘mga baholanmoqda. 5 grammlik o‘lchovli quyma 7 mln 737 ming so‘mdan sotilmoqda.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 7 mln 737 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 15 mln 474 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 30 mln 947 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 77 mln 368 ming so‘m;
- 100 gramm oltin quyma narxi 154 mln 736 ming so‘mni tashkil qiladi.
Oltinning jahon narxlari troya unsiyasi uchun $3893,30ni tashkil etmoqda va kunlik eng yuqori nuqtada $3900 dollardan oshdi.
Qimmatbaho metallga bo‘lgan talab AQShda 1-oktabrdan boshlangan shatdaun fonida ortib bormoqda. Bu shatdaun yangi moliyaviy yil uchun byudjet bo‘yicha muzokaralar sog‘liqni saqlash xarajatlari yuzasidan Kongressdagi kelishmovchiliklar tufayli muvaffaqiyatsiz yakunlangandan so‘ng yuz berdi.
Goldman Sachs Group Federal zaxira tizimining mustaqilligiga putur yetgan taqdirda, oltin narxi bir unsiya uchun qariyb $5 minggacha ko‘tarilishi mumkinligini bashorat qilmoqda.
Bank tahlilchilari, hatto g‘aznachilik obligatsiyalaridan oltinga o‘tkaziladigan aktivlarning oz miqdori ham qimmatbaho metall narxining sezilarli darajada oshishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblashmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari tarixda ilk bor $50 mlrddan oshgani haqida yozgandi. Oltin zaxiralari ham bir oyda $40,06 mlrdga yetib, qiymat jihatidan rekordni yangiladi.