Instagram rahbari Adam Mosseri chorshanba kuni o‘z akkauntida ijtimoiy tarmoqning foydalanuvchilarga tegishli reklamalarni ko‘rsatish maqsadida ularni faol ravishda “eshitib turishi” haqidagi afsonani inkor etuvchi post joylashtirdi.

Meta kompaniyasi suhbatlarni yozib olish uchun foydalanuvchilar telefonlaridagi mikrofonlarni yashirincha yoqishi haqidagi g‘oya eski fitna nazariyasi ekanligini ta’kidladi. Kompaniya bu fikrga qarshi o‘z e’tirozini allaqachon bildirgan edi.

Mosserining afsonani inkor etuvchi yangi bayonoti aynan Meta o‘zining ijtimoiy ilovalarida foydalanuvchilar uchun sun’iy intellekt mahsulotlari bilan o‘zaro aloqada to‘plangan ma’lumotlardan foydalanib, maqsadli reklama tez orada paydo bo‘lishini e’lon qilgan paytda yangradi.

Boshqacha aytganda, agar ilgari Meta qo‘rqinchli darajada aniq tavsiyalar berish uchun mikrofon orqali suhbatlarni yozib olishi shart bo‘lmagan bo‘lsa, endi bunga mutlaqo ehtiyoj qolmaydi.

Instagramda Mosseri Meta foydalanuvchilari bilan bir necha marta suhbatlashib, ularning fikrlarini tinglaganini ma’lum qildi. Foydalanuvchilarning ko‘pchiligi ushbu kompaniyaning reklama targetingi qanchalik samarali ishlayotganiga ishonolmayotganini bildirgan.

Avvalroq Spot Facebook tushkunlikka tushgan o‘smirlarni aniqlash imkoniyatiga ega ekanligi haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, kompaniya bu orqali ularga komplekslarni rivojlantiruvchi maqsadli reklamalarni taklif qiladi va daromad oladi.

Kompaniyaning bunday harakatlarini Facebook’ning xalqaro siyosat bo‘yicha sobiq direktori Sara Uinn-Uilyams o‘zining “Ehtiyotsiz odamlar” kitobida fosh etgan.

Uning yozishicha, ijtimoiy tarmoqda “arzimas”, “ishonchsiz”, “stressda”, “mag‘lub”, “xavotirli”, “ahmoq”, “foydasiz” kabi so‘zlarga mos keladigan odamlarni izlab, keyin ularga reklama taklif qiladigan maxsus ishlab chiquvchilar bo‘limi mavjud.