Instagram ilovada muhim o‘zgarish — Reels bo‘limini asosiy sahifaga aylantirishni sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda The Verge nashri xabar berdi.
Hindistondagi dastlabki sinovlar doirasida Meta kompaniyasi Reels va shaxsiy xabar bo‘limlarini ilovaning birinchi ikki sahifasi qilayotganini Instagram rahbari Adam Mosseri ma’lum qildi.
Mosserining ta’kidlashicha, so‘nggi bir necha yil davomida Reels va shaxsiy xabar Instagram rivojlanishining asosiy omili bo‘lib kelgan. Shu sababli kompaniya ushbu o‘zgarishni sinchiklab o‘rganmoqda.
Uning postidagi videoda yangi “Asosiy” sahifasi qanday ishlashi ko‘rsatilgan. Sahifaning bir qismi tanish ko‘rinishga ega, masalan, yuqori qismidagi gorizontal hikoyalar ro‘yxati, lekin yuqoriga siljitilganda maket hozirgi Reels sahifasidagi kabi o‘zgaradi, bunda deyarli butun ekranni video egallaydi.
Mosserining aytishicha, obuna bo‘lgan hisoblardan olingan suratlar “Asosiy” sahifaning yangilangan versiyasida ham ko‘rsatiladi, ammo videoda buning qanday amalga oshirilishi ko‘rsatilmagan.
Instagram bu yondashuvni allaqachon sinab ko‘rgan bo‘lib, yaqinda iPad uchun ilova chiqardi. Unda Reels bosh sahifadan ochiladi.
Meta ilovaning taqdimotida uni “odamlar bugungi kunda katta ekranlardan qanday foydalanayotganini aks ettirish uchun — bemalol dam olish paytida ko‘ngil ochish maqsadida” ishlab chiqilganini ta’kidladi.
Biroq, yangi sinov shuni ko‘rsatmoqdaki, Instagram Reels’ni o‘zining asosiy mobil ilovasida yanada ko‘zga tashlanadigan qismga aylantirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Avvalroq Spot Instagram faol foydalanuvchilari soni 3 mlrddan oshgani haqida yozgandi.
O‘sishni Reels va tavsiyalar ta’minlagan, shuning uchun ijtimoiy tarmoq ushbu yo‘nalishlarga e’tibor qaratishni rejalashtirmoqda.