Readmissiya qilinganlarga istisno holatlarda xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli yo‘riqnoma Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Readmissiya qilingan shaxslar to‘g‘risidagi maʼlumotlar Migratsiya va personallashtirish departamenti tomonidan Pasport-viza axborot tizimiga kiritiladi.

Bir qator holatlarda istisno tariqasida readmissiya qilingan fuqarolarga xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirib beriladi. Jumladan:

  • fuqaroning yaqin qarindoshi xorijda vafot etganda;
  • fuqaro yoki uning yaqin qarindoshiga xorijiy davlatda ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish yoki jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarur bo‘lganda;
  • fan olimpiadasi, taʼlim yoki xalqaro sport musobaqasida ishtirok etadigan bo‘lsa;
  • yashash joyi O‘zbekistonning chegara zonasi va eksklav hududlarida bo‘lganda;
  • Prezident va Vazirlar Mahkamasining hujjat va topshiriqlari, shuningdek Prezident Administratsiyasi rahbarining topshiriqlari ijrosini taʼminlash zarur bo‘lganda.

Fuqarolar istisno tariqasida xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun MvaPD yoki uning hududiy boshqarmalariga murojaat qiladi.

Joriy yilning 1-sentabridan Migratsiya agentligi tomonidan Migratsiya jarayonlariga doir ma’lumotlarning yagona elektron bazasi yuritilishi belgilangan. Unda xorijda qonunchilikni buzishi natijasida deportatsiya qilingan hamda O‘zbekistonning xalqaro nufuziga salbiy ta’sir qiluvchi xatti-harakatlarni sodir etgan fuqarolarning ma’lumotlari bo‘ladi.

Bundan tashqari, mamlakatning xalqaro shartnomalariga muvofiq readmissiya qilingan fuqarolarga ikki yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilmaydi.

Avvalroq O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi readmissiya bitimi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.

Readmissiya — davlatning boshqa davlatdan chiqarib yuborilgan o‘z fuqarolarini yoki chet elliklarni ushbu mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama kelishuv asosida o‘z hududiga qabul qilishi.