Kambag‘al oilalarga kredit ajratish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida Xalq banki va Mikrokreditbank tomonidan kambag‘al oilalarga kreditlar ajratiladi.

Jumladan, kredit noutbuk, tadbirkorlikni boshlash uchun kichik ishlab chiqarish uskunalari, ko‘chma do‘kon, motoroller, skuterlarni sotib olish uchun beriladi.

Dastur doirasida arizalar qarz oluvchi tomonidan mustaqil ravishda yoki, zarur hollarda, “mahalla yettiligi” ko‘magi asosida platforma orqali taqdim etiladi. Arizalar skoring baholash natijalariga ko‘ra 1 ish kunida ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi.

Biriktirilgan rahbar arizani 5 ish kunida joyiga chiqqan holda o‘rganadi. Uning natijasi bo‘yicha fotohisobot va kredit ajratish yoki ajratishni rad etish to‘g‘risidagi xulosani platformaga joylashtiradi.

Qarz oluvchilarga kreditlar Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi foiz stavkasida ustama haq to‘lash sharti bilan quyidagicha ajratiladi:

  • 15 mln so‘mgacha bo‘lgan 1 ta noutbuk sotib olish uchun — 5 yilgacha muddatga 2 yil imtiyozli davr bilan;
  • tadbirkorlikni boshlash uchun 30 mln so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalarni sotib olishga — 5 yilgacha muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan.

2024-yilning sentabr oyida kambag‘al oilalarga tadbirkorlikni boshlash uchun garovsiz va foizsiz qarz berilishi aytilgandi.

Joriy yilning fevralida kambag‘al oilalarga tadbirkorlikni boshlashga subsidiya o‘rniga foizsiz ssuda ajratilishi haqida xabar berilgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi tashkil etilishi haqida yozgandi.