Avvalroq Markaziy bank isteʼmolchilar huquqlari buzilganligi uchun Hamkorbank, Davr bank va TBC bankni jarimaga tortgani haqida xabar berilgandi.

Taʼkidlanishicha, regulyatorga moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilaridan kelib tushayotgan murojaatlarda ko‘tarilayotgan asosli masalalar o‘rganilib, hal qilinmoqda.

Jumladan, bank tizimi bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarning 121 tasida keltirilgan shikoyatlar, shu jumladan 68 tasi bo‘yicha 2,4 mlrd so‘mlik moliyaviy naflar murojaat qiluvchining foydasiga hal etildi.

20 ta holatda sudning hal qiluv qaroridan keyin qonunga zid ravishda hisoblangan 1,5 mlrd so‘mlik foiz va penyalar bekor qilindi. 26 ta holatda kredit qarzdorligi hisobi noto‘g‘ri va asossiz yuritilishi oqibatida mijozdan ortiqcha undirilgan 635,8 mln so‘mlik mablag‘lar qaytarildi. Yana 22 tasida esa banklardan 307,5 mln so‘mlik asossiz xizmat haqi, to‘lov va kredit mablag‘lari undirildi.

Markaziy bank nazorat choralarini nafaqat qoidabuzarliklarni bartaraf etish vositasi, balki bank xizmatlaridan foydalanish jarayonining barcha bosqichlarida — xizmatga murojaat qilingandan boshlab, yakunlangungacha bo‘lgan jarayonda isteʼmolchilar bilan munosabatlarda “xizmat ko‘rsatish madaniyatini shakllantirish va rivojlantirishning muhim omili” sifatida ko‘radi.

Reguliyator moliyaviy tashkilotlar faoliyati samaradorligi daromad yoki operatsiyalar hajmi bilan birga, isteʼmolchilarga munosabati orqali ham baholanishi kerak deb hisoblaydi.

Qo‘shimcha qilinishicha, mijozbay ishlash madaniyatini shakllantirish biznes rivojiga to‘siq emas, aksincha uning ajralmas qismi bo‘ladi. “U tijorat tashkilotlari uchun boshqa strategik maqsadlar qatorida turishi, barqaror ishonch va uzoq muddatli obro‘-eʼtibor poydevori sifatida xizmat qilishi zarur”.

“Banklarda isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga doimiy eʼtibor qaratish, ko‘tarilgan masalalarga tizimli yechim topish, bank xodimlarining masʼuliyatli xulq-atvorini shakllantirish, xizmatlar sifatini oshirish, mijozlar bilan adolatli, shaffof hamda ishonchli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish kabi maqsadlarga erishish ustuvor hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Markaziy bank bundan buyon iste’molchilarning huquqlari buzilgan holatlarda nazorati ostidagi barcha moliyaviy tashkilotlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rib, bu haqida rasmiy axborot kanallari orqali jamoatchilikka muntazam ravishda ma’lumot berilishini eslatgan.

Avvalroq Markaziy bank rivojlangan mamlakatlar obligatsiyalarini sotib olishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.