O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi pasaydi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 060,48 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 39 so‘m 24 tiyinga pasaydi.

Natijada ko‘rsatkich qariyb 2023-yilning 14-avgustidagi darajagacha pasaydi — o‘shanda kurs 12 062,04 so‘mga teng bo‘lgan.

29-sentabr kuni Amerika valyutasining rasmiy kursi qariyb 71 so‘mga pasayib, 12 067,76 so‘mni tashkil etdi.

Bundan oldin 26-sentabr kuni AQSh valyutasi birjada ikki yil oldingi darajagacha pasayib, 12 138,67 so‘mni tashkil etgandi.

17-sentabr kuni dollarning rasmiy kursi ketma-ket to‘rtinchi savdo kunida pasayib, 12 254,27 so‘mni tashkil etgandi. Bu 2023-yilning 3-noyabridan beri eng past ko‘rsatkichdir (12 254 so‘m). Undan keyingi ikki savdo kunida AQSh valyutasining rasmiy kursi ketma-ket ko‘tarildi.

Avvalroq Spot sentabr oyida dollarning rasmiy kursi qanday o‘zgargani haqida yozgandi.

O‘zbek so‘mi ketma-ket beshinchi oy dollarga nisbatan mustahkamlanmoqda. Sentabrda milliy valyuta 414 so‘mga, yil boshidan buyon esa 852 so‘mga qimmatlashgan. Dollar kursi 2023-yil avgustidan beri eng past darajaga tushdi.

Dollar nega arzonlashmoqda?

Kap Depo investitsiya kompaniyasi so‘mning mustahkamlanishini uchta sabab bilan izohlaydi: jahon bozorida dollarning zaiflashishi, shuningdek, transchegaraviy tushumlarning o‘sishi va oltin eksporti hajmining ko‘payishi.

Tahlilchilarning fikricha, valyuta kursining 12 ming so‘mdan pastga tushishi dargumon. Oktabr oyi oxiriga kelib dollar 12 400 so‘m atrofida, yil oxiriga kelib esa 12 510−12 620 so‘m atrofida bo‘lishi mumkin.

Investitsiya kompaniyasi tomonidan qayd etilishicha, milliy valyutaning barqarorligi ko‘p jihatdan global valyuta bozori konyunkturasi bilan emas, balki ichki kapital oqimlari va eksport tushumlari bilan ta’minlanadi.