O‘zbekiston Rossiyadagi mehnat migrantlari uchun imtihonlarni soddalashtirishni taklif qilmoqda. Bu haqda 2-oktabr kuni O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev ma’lum qildi.
Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 1,3 mlnga yaqin O‘zbekiston fuqarosi vaqtincha mehnat faoliyatini olib bormoqda. Shu bilan birga, migrantlar soni mavsumga va ish beruvchilar tomonidan talabga qarab o‘zgaradi.
Rossiya prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengashda yuqoriroq ko‘rsatkich — qariyb 2 mln kishi qayd etilgan, deb yozadi Gazeta.uz.
Behzod Musayev O‘zbekiston-Rossiya mehnat bozori qurilishiga bag‘ishlangan forum doirasida Rossiyada mehnat qilayotgan vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning mehnat faoliyati davomida erkin harakatlanishi, shuningdek, ishlash uchun ruxsatnoma olishning murakkab jarayonlarini soddalashtirish masalalarini ko‘tardi.
Uning aytishicha, O‘zbekiston Rossiyada ishlashni xohlovchiarning o‘z vatanida, jumladan viloyatlarda ham, til imtihonini topshirish imkoniyatini taklif etmoqda.
“Til imtihonini topshirishda tarix va qonunchilikka oid ko‘plab murakkab va hech kimga kerak bo‘lmagan savollar bor. Biz bu misollarni keltirib o‘tdik. [Rossiya prezidenti huzuridagi] Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zolari va rahbariyati so‘zlarimizning to‘g‘riligini tushunadi”, — deya izoh berdi Migratsiya agentligi direktori.
Fevral oyi boshida O‘zbekiston va Rossiya vakillari Toshkentdagi Saxarova migratsiya markazi filialida rus tilidan imtihon topshirishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olgandi.
Bundan tashqari, Migratsiya agentligi Rossiyada patent olish uchun imtihonga tayyorgarlik ko‘rish uchun saytni ishga tushirdi. O‘zbekistonliklar rus tili, Rossiya Federatsiyasi tarixi va qonunchiligi bo‘yicha sinov testlaridan bepul o‘tishlari mumkin.
Aprel oyida O‘zbekiston va Rossiya mehnat migrantlarini ishga qabul qilishning majburiy tartiblarini Toshkentga ko‘chirish masalasini muhokama qilgan edi. IIV pasport-viza xizmati vakolatxonasi faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Rossiya tomoni tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
29-may kuni Moskvaga ikki kunlik tashrif bilan kelgan O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashdi.
Ucharashuvda migratsiya tartib-taomillarini tezlashtirish chora-tadbirlari va patentlarni rasmiylashtirish bosqichlarining bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyev bilan mehnat muhojirlarini Rossiyaga yuborishdan oldin ularni tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Rossiya rahbari qo‘shimcha qilishicha, bu tayyorgarlik, xususan, rus tili, madaniyati va boshqa jihatlarni o‘rganishni o‘z ichiga oladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Koreya bilan ishchi vizalari bo‘yicha kelishuv imzolagani haqida yozgandi.
Hujjat malakali mutaxassislarga E-7 vizasini berishni nazarda tutadi. Shuningdek, tomonlar mavsumiy ishlar uchun ham viza ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.