Donald Tramp One America News telekanali bilan suhbatda AQSh import bojlarini undirish orqali allaqachon $200 mlrddan ortiq mablag‘ olganini ta’kidladi.
Biroq Tramp bu ko‘rsatkichni yiliga $1 trlnga yetkazish rejalashtirilganini aytdi.
“Stavka maqsadli darajaga yaqinlashdi va mamlakat hozirda bojlardan $200 mlrddan oshiq misli ko‘rilmagan daromad olmoqda. Pirovardida, bojlardan keladigan yillik daromad bir trillion dollardan ham oshib ketadi”, — dedi u.
Tramp ko‘plab mamlakatlarga nisbatan joriy etilgan import bojlarining AQSh uchun himoya mexanizmi ekanligini bir necha bor ta’kidlab kelgan.
Donald Tramp BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi so‘zlagan nutqida Vashington adolat va o‘zarolik tamoyillariga rioya qilish sharti bilan barcha davlatlar bilan savdo qilishga tayyorligini aytdi.
Avvalroq Donald Trampning boyligi ikki baravar oshgani haqida xabar berilgandi.
Trampning boyligi hozir $7,3 mlrd bo‘lib, u hali prezidentlikka nomzod bo‘lgan 2024-yilga nisbatan $4,3 mlrdga ko‘paygan.
Tramp o‘zining kriptovalyuta biznesidan — World Liberty Financial blokcheyn-platformasi va Trump mem tangasidan $2 mlrdga yaqin daromad oldi. Yana $400 mln uning nomidan foydalanish uchun xalqaro litsenziya shartnomalaridan kelib tushgan.
Qolganlari birinchi xonim Melaniya Trampning xotiralari va nutqlaridan olingan royalti, shuningdek, uning kriptotokenidan kelgan daromaddan tushgan.
