Yekaterinburgdagi Rosselxoznadzor O‘zbekistondan keltirilgan 4,8 tonna pomidor va qalampirni yo‘q qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Idoraning Ural mintaqalararo boshqarmasi ma’lum qilishicha, mahsulotlar virus bilan zararlangan ekan.

1-oktabr kuni Yekaterinburgga avtomobil transportida Rossiya qishloq xo‘jaligi nazorati mutaxassislari karantin obyektini aniqlagan mahsulotlar yetkazildi: 3,4 tonna pomidor va 1,4 tonna achchiq qalampirda pomidorning jigarrang bujmayish virusi topildi.

O‘sha kuni shaharga O‘zbekistondan jami 60 tonna yangi meva va sabzavotlar keltirilgan. Barcha mahsulotlar sinchkovlik bilan tekshirildi, mutaxassislar ko‘zdan kechirishgan, namunalar olib va laboratoriya tahlilini amalga oshirgan.

Sentabr oyi boshida Yekaterinburgdagi meva-sabzavot ombori Qozog‘istondan 20 tonna yangi bulg‘or qalampiri qabul qilgan. Laboratoriyada namunalar tekshirilganda, karantin obyektlari topilmadi — barcha mahsulotlar sotuvga ruxsat etildi.

Joriy yilning yanvar oyi oxirida Qozog‘istondan O‘zbekistonga olib kelinayotgan 1000 tonnaga yaqin kartoshka chegarada chirib ketgani haqida xabar berilgandi.

O‘zbekiston yuborilgan 43ta vagon sabzavot chegarada fitosanitar tekshiruvdan o‘tkazish uchun to‘xtatilgan. Ular 10 kundan ortiq vagonda qolib ketgani sababli muzlab, yaroqsiz holga kelgan.

Tadbirkorlarning aytishicha, Qozog‘istondagi Sariag‘ash temir yo‘l stansiyasidagi uzoq tekshiruvlar sababli ularning kartoshka hosili muzlab, chirib ketgan. Tadbirkorlardan biri to‘xtab qolish oqibatida 60 mln tenge yoki $116,1 ming miqdorida zarar ko‘rganini ma’lum qildi.


Avvalroq Spot O‘zbekistondan issiqxona pomidorlari eksporti ketma-ket to‘rtinchi yil pasayishda davom etayotgani haqida yozgandi.

Birgina joriy yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistondan issiqxona pomidorlari eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23%ga kamaygan.