O‘zbekiston Markaziy banki muddatli to‘lovlarni berish qoidalarini sezilarli darajada kuchaytirishni taklif qildi. Bu haqda Nasiya savdo bozori ishtirokchilarining odob-axloq kodeksi loyihasida aytilgan.
Qarz yukining o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, nazorat organi faqat 18 yoshdan oshgan fuqarolarga bo‘lib to‘lash imkoniyatini taqdim etishni taklif qilmoqda.
Yangi mijozlarni ro‘yxatga olishda — xoh onlayn, xoh oflayn bo‘lsin — asosiy ma’lumotlarni to‘plash zarur: familiya, ism, otasining ismi, tug‘ilgan sana, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR), telefon raqami, yashash manzili va fuqaroligi.
Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng har bir yangi mijozga 2 mln so‘mlik boshlang‘ich bo‘lib to‘lash limiti beriladi. Uni oshirish uchun qarz yuki ko‘rsatkichi (QYK) hisoblanadi, bu ko‘rsatkich 50% dan oshmasligi kerak.
Markaziy bank taklifiga ko‘ra, qarz oluvchilar rasmiy daromadning yarmidan ko‘p bo‘lmagan qismini muddatli to‘lovga yo‘naltirishlari mumkin bo‘ladi.
Mijoz to‘lovlarni yoki jarimalarni kechiktirgan taqdirda, ularga qo‘shimcha sanksiyalar — ya’ni murakkab foizlar qo‘llanilmaydi. Binobarin, kechiktirish holati uchun jarima yoki penya faqat bir marta hisobga olinadi.
Avval olingan qarzlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud bo‘lsa, mijozga yangi bo‘lib to‘lash imkoniyati berilmaydi. Bunda asosiy qarzdan tashqari barcha to‘lovlar summasi (foizlar, vositachilik haqi, jarima va boshqa choralar) yiliga qarz summasining yarmidan oshmasligi kerak. Natijada bo‘lib to‘lash bo‘yicha ortiqcha to‘lovning eng yuqori miqdori 50%ni tashkil etadi.
Bundan tashqari, mijozlar jarima va penyalarni to‘lamasdan qarzni muddatidan oldin to‘lashlari mumkin bo‘ladi.
Markaziy bank BNPL ((Buy Now, Pay Later — hozir sotib ol, keyinroq to‘la) sektorini tartibga solish rejalari haqida birinchi marta joriy yilning yanvar oyida ma’lum qilgandi.
May oyiga kelib, Markaziy bank raisi Timur Ishmetov idora hozirda nazoratga olinmagan, ammo allaqachon “muayyan xatarlar” tug‘dirayotgan segmentlar o‘sib borayotganidan xavotirda ekanligini yana bir bor ta’kidladi.
Senatning iyun oyidagi majlisida esa, Ishmetov Markaziy bank tomonidan qonunchilikda muddatli to‘lov shartnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kredit byurolariga taqdim etish va ular bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni oshkor qilish majburiyatini belgilash taklif qilinayotganini bildirdi.
Avvalroq Spot Markaziy bank aralashuvi bilan banklardan iste’molchilar foydasiga 2,4 mlrd so‘m qaytarilgani haqida yozgandi.
Bunda ortiqcha undirilgan foizlar, penyalar, xizmat haqlari va noto‘g‘ri hisoblangan qarzdorlik summalari bekor qilindi.