O‘zbekiston Markaziy banki avgust oyida oltin sotib olishni davom ettirganini Jahon oltin kengashi (World Gold Council) hisobotida ma’lum qilindi.
Avgust oyida bir yo‘la yettita markaziy bank o‘zlarining oltin-valyuta zaxiralarini 1 tonnadan ko‘proqqa oshirdi.
Qimmatbaho metall xaridorlarining eng yirigi Qozog‘iston bo‘ldi, u ketma-ket oltinchi oy davomida 8 tonna oltin sotib oldi. Natijada, Qozog‘iston Milliy bankining oltin zaxirasi 316 tonnaga yetdi — bu 2024-yil oxiridan beri 32 tonnaga o‘sganini anglatadi.
Qolgan davlatlar, jumladan Bolgariya, Turkiya, Xitoy, O‘zbekiston, Chexiya va Gana 2 tonnadan oltin sotib olishdi. Shu tarzda O‘zbekiston Markaziy bankining oltin zaxirasi 366 tonnaga ko‘paydi.
Biroq, yil boshidan beri hajm 17 tonnaga kamaygan bo‘lsa-da, O‘zbekiston hamon dunyodagi eng yirik oltin sotuvchisi maqomini saqlab qolmoqda.
Qimmatbaho metalning yagona sotuvchilari Rossiya Markaziy banki va Indoneziya banki bo‘lib, ular mos ravishda 3 va 2 tonnani sotishdi.
WGC Rossiyaning oltin zaxiralari kamayishi uning tanga zarb etish dasturi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Iyun oyida O‘zbekiston Markaziy banki 9 tonna oltin xarid qilib, qimmatbaho metallning to‘rt oylik sotuvlar davriga chek qo‘ydi va eng yirik xaridorga aylandi.
Avvalroq O‘zbekistonda oltin narxi yil boshidan beri 35-marta yangi rekord darajasiga ko‘tarilgani haqida yozgandi.