Androidda noqonuniy va norasmiy ilovalarni o‘rnatish taqiqlanadi, deya xabar bermoqda 3DNews.
Keyingi yildan boshlab Android tekshirilmagan dasturchilarning ilovalarini o‘rnatishni bloklaydi. Google’ning yangi siyosati nafaqat Google Play’ga, balki uchinchi tomon ilovalar do‘konlariga, shuningdek, mustaqil mualliflarga ham ta’sir qiladi.
Kompaniya ma’lum qilishicha, yangilangan o‘rnatish tizimi qo‘shimcha tekshiruv bosqichini o‘z ichiga oladi: har bir yangi ilova o‘rnatilgan Android Developer Verifier xizmati orqali tasdiqdan o‘tishi shart. Bu xizmat dasturchi tasdiqlangani, paketda muammolar mavjudligi va ilovani o‘rnatish mumkinligini aniqlab beradi.
Internet aloqasi bo‘lmaganda, tizim mashhur tasdiqlangan ilovalarning mahalliy xotirasidan foydalanadi, biroq ayrim hollarda Google serverlariga murojaat qilish zarur bo‘lishi mumkin.
Ilovalar do‘konlari uchun “dastlabki avtorizatsiya tokeni” mexanizmi — ishlab chiquvchini qo‘shimcha tarmoq chaqiruvlarisiz tasdiqlash imkonini beruvchi kriptografik tekshiriladigan obyekt mavjud.
Ushbu o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlaydigan operatsion tizimning birinchi yangilanishi Android 16 QPR2 bo‘ladi, ammo tasdiqlash qoidalari faqat keyinroq kuchga kiradi.
Google talaba va havaskor akkauntlar uchun alohida qoidalarni joriy etmoqda: bunday dasturchilar ro‘yxatdan o‘tish to‘lovidan ozod etiladi, biroq ilovalarni tarqatish ko‘lami cheklanadi.
Foydalanuvchilarni himoyalash maqsadida qurilmalarning noyob identifikatorlari orqali o‘rnatishga ruxsat berish mexanizmi ko‘zda tutilgan.
Keyinchalik, agar dasturchi keng auditoriyaga chiqishga qaror qilsa, akkauntni to‘laqonli akkauntga o‘zgartirish imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Avvalroq Spot Google firibgarlarga qarshi kurashishda ilova yaratuvchilarning shaxsini tekshirishi haqida yozgandi.
Dasturlarni anonim tarzda tarqatish imkonsiz bo‘ladi — Android qurilmalari ularni o‘rnatishga ruxsat bermaydi. Biroq, bu qoidalar faqatgina 2027-yilda kuchga kiradi.