O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi yana pasaydi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 022,9 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 37 so‘m 58 tiyinga pasaydi.

Shu tariqa bugungi prognoz bilan dollar kursi 2023-yil 11-avgustidan beri eng past darajaga tushdi. O‘shanda dollar kursi bir kun ichida 400 so‘mdan ortiqqa oshib, 12 075,03 so‘mni tashkil etgandi. Markaziy bank buni kurs to‘g‘rilanishi bilan izohlagan.

3-oktabr kuni Amerika valyutasining rasmiy kursi qariyb 40 so‘mga pasayib, 12 060,48 so‘mga tushgandi. Bundan oldin 26-sentabr kuni AQSh valyutasi birjada ikki yil oldingi darajagacha pasayib, 12 138,67 so‘mni tashkil etgan.

17-sentabr kuni dollarning rasmiy kursi ketma-ket to‘rtinchi savdo kunida pasayib, 12 254,27 so‘mni tashkil etgandi. Bu 2023-yilning 3-noyabridan beri eng past ko‘rsatkichdir (12 254 so‘m). Undan keyingi ikki savdo kunida AQSh valyutasining rasmiy kursi ketma-ket ko‘tarildi.

Kap Depo investitsiya kompaniyasi so‘mning mustahkamlanishini uchta sabab bilan izohlaydi: jahon bozorida dollarning zaiflashishi, shuningdek, transchegaraviy tushumlarning o‘sishi va oltin eksporti hajmining ko‘payishi.

Tahlilchilarning fikricha, valyuta kursining 12 ming so‘mdan pastga tushishi dargumon. Oktabr oyi oxiriga kelib dollar 12 400 so‘m atrofida, yil oxiriga kelib esa 12 510−12 620 so‘m atrofida bo‘lishi mumkin.

Investitsiya kompaniyasi tomonidan qayd etilishicha, milliy valyutaning barqarorligi ko‘p jihatdan global valyuta bozori konyunkturasi bilan emas, balki ichki kapital oqimlari va eksport tushumlari bilan ta’minlanadi.

Avvalroq Spot sentabr oyida dollarning rasmiy kursi qanday o‘zgargani haqida yozgandi. O‘zbek so‘mi ketma-ket beshinchi oy dollarga nisbatan mustahkamlanmoqda. Sentabrda milliy valyuta 414 so‘mga, yil boshidan buyon esa 852 so‘mga qimmatlashgan. Dollar kursi 2023-yil avgustidan beri eng past darajaga tushdi.