Turkiyaning Heyal Holding kompaniyasi Farg‘ona shahrida zargarlik korxonasi va ushbu soha uchun o‘quv markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov kompaniya taʼsischisi Vaxdettin Xeyal bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda sanoat zonasini tashkil etish va unga istiqbolli loyihalarni joylashtirish hamda zargarlik korxonasini ochish masalalari muhokama qilindi.

Viloyat rahbari turkiyalik investorlar bilan hamkorlikda ko‘plab yirik loyihalar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

Turkiyalik tadbirkorlar Quva tumanida ilg‘or tajribalar asosida sanoat zonasini tashkil etish, turli yo‘nalishlarda loyihalarni joylashtirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, kompaniya Farg‘ona shahrida zargarlik korxonasi va ushbu soha uchun o‘quv markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.

Muloqotda takliflar muhokama qilinib, viloyat hokimi turkiyalik investorlarning tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uchrashuv yakunida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Sentabr oyida Farg‘ona shahrida xorijiy investorlar ishtirokida tashkil etilgan Ferga Gold Factory zargarlik markazi ish boshlagandi.

Spot, avvalroq, Turkiyaning Anadolu Isuzu avtomobilsozlik guruhi — Anadolu Group sho‘ba korxonasi Samarqand avtomobil zavodi ustav kapitalidagi 75,2% davlat ulushini $80 mlnga sotib olishi haqida yozgandi.