Rossiyada aloqa operatorlari Raqamli texnologiyalar vazirligiga xorijiy sayyohlarga SIM-kartalarni berish tartibini soddalashtirishni taklif etdi, deya xabar bermoqda Kommersant nashri.
Jumladan, majburiy biometrik ma’lumotlar topshirishdan voz kechish va SIM-kartaning amal qilish muddatini mamlakatda bo‘lish muddati bilan cheklash taklif etilmoqda.
Ta’kidlanishicha, sayyohlarning qariyb yarmi sim-kartalarni soddalashtirilgan tartibda olishi mumkin, bu esa barcha operatorlarga yiliga 1,5 mlrd rublgacha daromad keltiradi.
Hozirda ulanish jarayoni boshqa talablar qatorida bankka tashrif buyurish, Davlat xizmatlarida ro‘yxatdan o‘tish va SNILS olishni o‘z ichiga oladi.
Bu esa bir necha kungacha cho‘zilishi mumkin, deb tushuntirmoqda bozor ishtirokchilari. Shu sababli operatorlarning abonent bazalarida xorijiy sayyohlarning ulushi deyarli nolga tushib qolgan.
“Turoperatorlar mijozlarga sim-karta olish bo‘yicha maslahat berishadi, lekin bu masala bilan alohida shug‘ullanmaydilar. Umuman olganda, bu xorijiy sayyohlar uchun asosiy muammo emas,” deya ta’kidlaydi Turoperatorlar uyushmasi ijrochi direktori Mayya Lomidze.
Uning aytishicha, xorijiy sayyohlar uchun chet el bank kartalari bilan to‘lov qila olmaslik ancha katta noqulaylik tug‘diradi. “Sayyohlarning vaziyatini yengillashtiradigan har qanday yechim mamnuniyat bilan qabul qilinadi, bizga sayyohlar oqimi kerak”, deya qo‘shimcha qiladi u.
Nashr bilan suhbatlashgan aloqa operatorlari xorijiy sayyohlar uchun SIM-karta olish jarayonini soddalashtirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda.
“Bizningcha, bu jarayonni xavfsizlik darajasini pasaytirmasdan amalga oshirish mumkin. Axir, bu talablar aynan xavfsizlikni ta’minlash uchun ishlab chiqilgan edi”, — dedi MegaFon vakili.
T2 kompaniyasi esa “bozor bir tomondan sayyohlarga aloqadan foydalanish imkonini beradigan, boshqa tomondan esa xavfsizlik talablarini inobatga oladigan yechimni topadi” deb umid bildirmoqda. Vimpelkom va MTC kompaniyalari esa bu masala yuzasidan fikr bildirishdan bosh tortdi.
Avvalroq Spot Rossiyada xorijiy SIM-kartalardan kiruvchi qo‘ng‘iroqlar taqiqlanishi mumkinligi haqida yozgandi.