Xitoy savdo muzokaralari doirasida AQShga $1 trln miqdorida sarmoya kiritishni taklif qildi, deya xabar bermoqda Bloomberg nashri.

Qayd etilishicha, bu taklif AQShdagi xitoylik investorlar uchun mavjud cheklovlarni bekor qilish evaziga bildirilgan.

Nashrga ko‘ra, Xitoy tomoni, shuningdek, AQShda joylashgan korxonalari tomonidan ishlatiladigan xomashyo importiga bojlarni kamaytirishni talab qilmoqda.

Vashington tomonidan qabul qilinishi mumkin bo‘lgan investitsiyalar hajmi hali muhokama bosqichida ekanligini agentlik qo‘shimcha qildi.

Jenevada 10−11 may kunlari o‘tkazilgan muzokaralar natijasida AQSH va Xitoy o‘rtasida 90 kunlik muddatga o‘zaro bojxona to‘lovlarini pasaytirish haqida e’lon qilindi.

Bunda AQShga Xitoy tovarlarini import qilishda 30% gacha, Xitoyga Amerika tovarlarini import qilishda esa 10% gacha pasaytirilishi ko‘zda tutilgan.

12-avgustda belgilangan muddat tugagach, Donald Tramp tariflarni joriy etishni yana 90 kunga kechiktiradigan qo‘shimcha farmonni imzoladi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston-Xitoy savdo aylanmasi 21% ga oshgani haqida yozgandi. Qayd etilishicha, eksport kamayib, import esa chorak qismga ko‘paygan.

Sanoat mahsulotlari yetkazib berishning qisqarishi tufayli eksport pasaymoqda. Import kimyoviy moddalar, mashinalar va transport uskunalari hisobiga o‘sib bormoqda.