Qonunchilik palatasi majlisida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan samarali foydalanishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, o‘tgan yili deputatlarga fermerlardan yetishtirgan hosilni mamlakat bo‘ylab erkin sotishda ayrim to‘sqinliklar bo‘lganligi yuzasidan murojaatlar kelib tushgan.

Mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat hamda Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda tovarlar (ishlar, xizmatlar) va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishiga yoki realizatsiya qilinishiga aralashganlik yoxud to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining ijarachisi o‘ziga berilgan ikki yoki undan ortiq yerlardan biri yoki bir nechtasi bo‘yicha huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, fermer xo‘jaligi rahbari davlat xizmatiga ishga qabul qilinganda yer uchastkasini ijaraga olish huquqini o‘z oila a‘zolaridan biriga ijara shartnomasi amal qiladigan muddatga berishi mumkin.

Amaldagi qonunchilikda davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga haqli emasligi belgilangan. Amaliyotda ayrim hollarda davlat ishiga kirgan fermerlar nomidagi xo‘jalikni boshqa shaxsga o‘tkaza olmayapti. Natijada qonun buzilishi hamda korrupsion holatlar yuzaga kelmoqda.

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunda tadbirkorlarning o‘z tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) bozor konyunkturasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar bo‘yicha yoki shartnoma asosida realizatsiya qilish huquqi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlarning qonunchilik asosidagi faoliyatiga aralashishga haqli emas. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Sentabr oyida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarini qayta ijaraga berishga ruxsat berilishi haqida xabar berilgandi.

Spot, avvalroq, qishloq xo‘jaligi yerlariga ijara huquqini garovga qo‘yish tartibi belgilangani haqida yozgandi.