Dushanba kuni Instagram mukofotlash dasturining ishga tushirilganini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, kelgusi hafta 25 nafar muallif oltin uzuklar bilan taqdirlanadilar. Kompaniya ma’lum qilishicha, yangi mukofot dasturi butun dunyo bo‘ylab madaniyatni o‘zgartirayotgan va to‘siqlarni bartaraf etayotgan mualliflarni e’tirof etadi.

Yangi mukofotlash dasturi hakamlar hay’ati tarkibiga Instagram rahbari Adam Mosseri, rejissor Spayk Li, dizayner Mark Jeykobs, videobloger Markes Braunli, aktrisa Yara Shahidi, pardozchi Pet Makgrat va boshqalar kiritildi.

G‘oliblar ingliz dizayneri Greys Uels Bonner tomonidan yaratilgan jismoniy uzukni hamda Instagram profillarini o‘rab turadigan raqamli oltin uzukni qo‘lga kiritadilar.

Bundan tashqari, ular o‘zlarining shaxsiy “Yoqdi” tugmasini yaratish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu tugma lentadagi postlarga yoqdi bosilganda paydo bo‘ladi. G‘oliblarga hech qanday pul mukofoti berilmaydi.

instagram, mukofot, ring

Kompaniya blogida ta’kidlanishicha, bu mukofot “tavakkal qilishdan cho‘chimaydigan va o‘z yo‘lidan boradigan insonlarga topshiriladi. O‘z ijodi orqali odamlarni birlashtirgan va e’tirofga sazovor bo‘lgan shaxslarga beriladi”.

Bu qadam Metaning so‘nggi bir necha yil davomida kontent yaratuvchilarga to‘lov dasturlarini qisqartirishi fonida amalga oshirildi. Joriy yil boshida Meta kontent mualliflariga ularning profillarida joylashtirilgan reklama uchun haq to‘laydigan dasturni yopdi.

2023-yilda kompaniya Instagram va Facebook’da Reels yaratuvchilariga mukofotlar taklif etishni to‘xtatdi. 2022-yilda esa kompaniya hamkorlik marketingi uchun bonuslar berishni to‘xtatgan edi.


Avvalroq Spot Instagram Reelsni asosiy sahifaga aylantirishni sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.

Endi ilovani ishga tushirganda aynan qisqa videolar ochiladi, Stories esa ekranning yuqori qismida saqlanib qoladi.