OPEK+ mamlakatlari 2025-yil noyabr oyida neft qazib olish hajmini kuniga 137 ming barrelga oshirishga qaror qildi, deya xabar berdi Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEK) matbuot xizmati.
Qaror global iqtisodiyotning barqaror prognozi va neft zaxiralarining past darajasida aks etgan qulay bozor sharoitlari fonida qabul qilindi, deyiladi xabarda.
Reuters manbalarga asoslanib xabar berishicha, yig‘ilish oldidan Rossiya va Saudiya Arabistoni uglevodorodlar qazib olish hajmini oshirish masalasida turli nuqtai nazarlarga ega bo‘lgan: Moskva avvalgi sur’atni — kuniga 137 ming barrelni saqlab qolishni yoqlab chiqqan, Ar-Riyod esa bu ko‘rsatkichni ikki, uch yoki hatto to‘rt baravargacha, ya’ni kuniga 274 ming, 411 ming yoki 548 ming barrelgacha oshirishni taklif qilgan.
Agentlik suhbatdoshlari ta’kidlashicha, Saudiya Arabistonining bu pozitsiyasi mamlakat bo‘sh quvvatlarga ega ekanligi va bozordagi ulushini tezroq tiklashga intilishi bilan bog‘liq.
OPEK+ bayonotida ta’kidlanishicha, tashkilotning sakkizta mamlakati — Rossiya, Saudiya Arabistoni, Iroq, BAA, Quvayt, Qozog‘iston, Jazoir va Ummon 2023-yil aprelda e’lon qilingan ixtiyoriy qisqartirishlar doirasida neft qazib olishni kuniga 1,65 mln barrelga ko‘paytiradi.
Xabarda aytilishicha, “bozor konyunkturasining o‘zgarishiga qarab va bosqichma-bosqich tarzda, kuniga 1,65 mln barrel qisman yoki to‘liq qaytarilishi mumkin”.
E’lon qilingan jadvalga ko‘ra, Rossiya noyabr oyidan boshlab neft qazib olishni kuniga 41 ming barrelga oshirib, 9,532 mln barrelga yetkazadi.
Saudiya Arabistoni ham xuddi shunday 41 ming barrelga ko‘paytirib, kuniga 10,061 mln barrelga chiqaradi. Boshqa davlatlar esa kunlik neft qazib olishni 4 mingdan 18 ming barrelgacha oraliqda oshiradi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va SOCAR Ustyurt platosida neftni birgalikda qidirish va qazib olishga kelishib olgani haqida yozgandi.