Nobel qo‘mitasi fizika bo‘yicha 2025-yilgi mukofot laureatlari Jon Klark, Mishel Devore va Jon Martinis bo‘lganini e’lon qildi.

Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasi taʼkidlashicha, mukofot “elektr zanjirida makroskopik kvant-mexanik tunnellashtirish va energiyani kvantlashni kashf etgani uchun” berilgan.

Ta’kidlanishicha, zamonaviy fizikaning eng muhim masalasi — kvant-mexanik effektlarni namoyon eta oladigan tizimning maksimal o‘lchami masalasidir.

Bu yilgi Nobel mukofoti sohiblari qo‘lda ushlab turish mumkin bo‘lgan yetarlicha katta tizimda kvant-mexanik tunnel effekti va energiya darajalarini ko‘rsatuvchi elektr zanjiri bilan tajribalar o‘tkazdilar.

“Kvant mexanikasi — asrdan asrga o‘sib borayotgan nazariya — yangi syurprizlar keltirishda davom etayotganini kuzatish ajoyib. Shuningdek, u juda foydali, chunki kvant mexanikasi raqamli texnologiyalarning asosidir”, — dedi fizika bo‘yicha Nobel qo‘mitasi raisi Olle Eriksson.

Press-relizga ko‘ra, bu yil fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan yutuqlar kvant texnologiyalarining keyingi avlodini, jumladan, kvant kriptografiyasi, kompyuterlar va sensorlarni rivojlantirish imkonini beradi.

Laureatlarning birgalikdagi ishlari kvant hisob-kitoblarini sof akademik fan sohasidan jadal rivojlanayotgan texnologik sohaga aylantirdi.

Fizika bo‘yicha 2024-yilgi mukofot amerikalik olimlar Jon Xopfild va Jeffri Xintonga berilgandi.

Mukofot ularga “sunʼiy neyron tarmoqlardan foydalangan holda mashinali o‘qitish imkonini beruvchi fundamental kashfiyotlar va ixtirolar uchun” taqdim etilgan.