Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nukusda mutasaddilar bilan yangi investitsiya va infratuzilma loyihalarini muhokama qildi. Bu haqda u o‘z Telegram-kanalida xabar berdi.
Mirziyoyeva Qoraqalpog‘iston sekin-asta faol iqtisodiy hududga aylanayotganini qayd etdi. Ikki yilda 64 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, natijada 5 mingdan ziyod aholi ish bilan ta’minlandi.
Prezident Administratsiyasi rahbarining yozishicha, yangi loyihalar hududda sanoat, logistika, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantiradi.
Yaqin yillarda Qoraqalpog‘iston qiymati $2 mlrdga yaqin yana 27 ta loyiha yo‘lga qo‘yiladi, qariyb 10 ming kishi ish bilan ta‘minlanadi.
Saida Mirziyoyevaga hududdagi gaz, yo‘l qurilishi va biznesni rivojlantirish bo‘yicha duch kelinayotgan muammolar haqida ham axborot berildi.
“Birgalikda ular bo‘yicha yechimlarni ko‘rib chiqdik. Yangi zavodlar, klinikalar, dam olish maskanlari va logistika markazlari — barchasi qoraqalpoq elining hayotini yaxshilashga, iqtisodiy o‘sishga xizmat qilishiga ishonaman”, deya xulosa qildi u.
Iyul oyida Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanida qiymati 73 mlrd so‘mdan ortiq turizm zonasi qurilishi aytilgandi.
Spot, avvalroq, Qoraqalpog‘istonda yalpi hududiy mahsulot hajmini 6,5% gacha yetkazish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.