Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida joylashgan Sea Breeze Uzbekistan kurort loyihasining ekologik ekspertizasi hali yakuniga yetmadi. Bu haqda Spot‘ga Sea Breeze Uzbekistan matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya vakillarining taʼkidlashicha, hozirda majmua hududida tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, hudud tozalanib, chiqindilar olib chiqilmoqda.

“Ekologik ekspertizaga kelsak, bu jarayon hali yakunlanmagan. Biz uning natijalarini kutyapmiz va Ekologiya vazirligining har qanday so‘roviga javob berishga tayyormiz”, — deydi Sea Breeze Uzbekistan vakillari.

Yaqinda Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi prezidenti Emin Agalarov intervyusida Chorvoqdagi Sea Breeze Uzbekistan loyihasi amalga oshirilishi haqida fikr bildirdi.

Sea Breeze va Agalarov Residence loyihalarini amalga oshirishda qanday qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqidagi savolga javob berar ekan, developer asosiy qiyinchiliklar infratuzilma, jumladan, suv, gaz va elektr taʼminoti bilan bog‘liqligini taʼkidladi.

“Biz uzoq yo‘lni bosib o‘tdik, loyihamizni himoya qildik va bizning faoliyatimiz atrof-muhitga zarar yetkazmasligiga ishonch hosil qildik: oqova suvlar kollektorlarga yig‘iladi. Ekologiya — prinsipial muhim masala. Hozir biz bu jarayonning barchasini O‘zbekistonda, Chorvoqda amalga oshiramiz”, — dedi Agalarov.

Avvalroq Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Sea Breeze Uzbekistan kurort loyihasi haqida o‘z fikrini bildirib, loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va barchaga yoqishini aytgandi.