Raqobat qo‘mitasi Markaziy bankka banklarning kredit karta amaliyotlarida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan so‘rov yubordi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, so‘nggi vaqtlarda iqtisodiyotning rivojlanishi, aholi turmush tarzini oshirish maqsadida turli shakldagi kreditlar ajratish siyosati qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.
Biroq ushbu amaliyotlarda ayrim banklar taqdim etgan kredit kartalaridan kommunal xizmatlar, o‘qish, tibbiyot va sug‘urta hamda soliq kabi to‘lovlar ham naqd pulga yechishga tenglashtirilmoqda. Ulardan foiz va komissiyalar undirilayotgani esa aholining eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Shundan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 4, 12, 19,21 va 23-moddalariga muvofiq Markaziy bankka so‘rov yuborildi. Unda quyidagilar so‘ralgan:
- davlat va nodavlat banklar faoliyatini o‘rganib chiqish va ular faoliyatida kredit kartalari foiz masalalarini qayta ko‘rib chiqish;
- isteʼmolchilar manfaatlarini hisobga olgan holda muvofiqlashtirish hamda asossiz olingan xizmat haqi pullarini qaytarish choralarini ko‘rish.
Qo‘mita ushbu ish tafsilotlari yuzasidan qo‘shimcha axborot taqdim etilishini qo‘shimcha qildi.
May oyida Markaziy bank tomonidan banklarga kredit kartalari shartlarini to‘liq ochiqlash majburiyati yuklatilishini nazarta tutuvchi hujjat loyihasini ishlab chiqqan edi.
Oktabr oyi boshida regulyator isteʼmolchilar bilan o‘zaro munosabatlarda qonunchilik talablariga rioya etmagani uchun Hamkorbank, Davr bank va TBC bankka jami 2,5 mlrd so‘m jarima soldi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank muddatli to‘lovlar berish tartibini sezilarli qat’iylashtirishni taklif qilgani haqida yozgandi.