Prezidentning “Isteʼmolchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjat bilan, 2026-yil 1-martdan raqamli markirovka tizimi joriy qilingan tovarlarning yaroqlilik muddati o‘tgan bo‘lsa, ularning savdosi ushbu tizim orqali avtomatik ravishda cheklanadi.

Bunda raqamli markirovkalangan muddati o‘tgan tovarlarga nazorat-kassa texnikalarida xarid cheki chiqarilmaydi.

Joriy yil 15-oktabrdan 2027-yilgacha sinov tarzida nodavlat notijorat tashkilotlar isteʼmolchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda “sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlarini o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi.

1-dekabrdan isteʼmolchi-tadbirkor-NNT-davlat organlari tizimi joriy etiladi. Bunda isteʼmolchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish maqsad qilingan.

Sentabr oyida Raqobat qo‘mitasi yangi uy olayotgan fuqarolarni ogohlantirgandi. Qo‘mita tomonidan 8 kishining developer bilan tuzilgan shartnomalari bekor qilinib, 1,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarilgan edi.

Avvalroq Markaziy bank aralashuvi bilan banklardan iste’molchilar foydasiga 2,4 mlrd so‘m qaytarilgani haqida xabar berilgandi.