Kontexnazorat tomonidan Buxoro va Navoiy viloyatlari hududlaridagi obyektlarda xizmat tekshiruvlari olib borildi. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, Shofirkon tumanidagi Quljuqtov va Konimex tumanidagi Tovshan tog‘ massivlarida joylashgan Oltin Kon korxonasi tasarrufidagi hududlarda tekshiruvlar o‘tkazilgan.
O‘rganishlarda kompaniya xabarisiz, begona shaxslar tomonidan noqonuniy oltin qazib olish holatlari aniqlangan. Ushbu holatlar yuzasidan materiallar Davlat xavfsizlik xizmatiga yuborildi va tezkor choralar ko‘rildi.
Jumladan, Quljuqtov massivida o‘tkazilgan tadbir davomida 37 nafar shaxs noqonuniy faoliyat yuritayotgan paytda qo‘lga olindi.
Tezkor tadbirda 3 ta Ford avtomashinasi, 8 ta perforator, 6 ta kompressor va tarkibida oltin moddasi mavjud bo‘lgan 400 qopga yaqin ruda va boshqa qo‘lbola yasama asbob-uskunalar ashyoviy dalillar sifatida olindi.
Shuningdek, noqonuniy faoliyat orqali davlat va jamiyat manfaatlariga jami 20 mlrd so‘mdan ortiq yetkazilgan zarar aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 196²-moddasi 2-qismi “b” bandi (Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Spot, avvalroq, 5 grammlik oltin quyma narxi ilk bor 7,9 mln so‘mdan oshgani haqida yozgandi.