Sentyabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi yangi tarixiy rekord o‘rnatdi. Bu haqda Markaziy bank ma‘lumotlarida keltirilgan.

1-oktabr holatiga ko‘ra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati $54,99 mlrdni tashkil etdi — bu o‘tgan oyga nisbatan $4,9 mlrdga yoki 9,8% ga ko‘p. Oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket ikkinchi oy mutlaq rekordni yangiladi — avgustda ularning hajmi birinchi marta $50 mlrddan oshgandi.

Markaziy bank zaxiralaridagi oltin narxi bir oyda $4,17 mlrdga oshib, birinchi marta $44,23 mlrddan ortiqni tashkil etdi, qiymat jihatidan ketma-ket uchinchi oy rekord yangilandi. Bu oltinning fizik hajmi 11,8 mln troya unsiyadan 11,6 mln troya unsiyagacha kamayganiga qaramay, qimmatbaho metall narxining sezilarli darajada oshishi hisobiga kuzatildi.

O‘zbekistonning valyuta zaxiralari sezilarli darajada oshdi — $735,7 mln. Ularning hajmi oktabr oyi boshida $10,18 mlrddan ortiqni tashkil etdi. Boshqa mamlakatlarning markaziy banklari va Xalqaro valyuta jamg‘armasidagi hisob raqamlaridagi valyuta zaxiralari miqdori $873,7 mln hamda xorijiy tijorat banklarida $8,28 mlrd bo‘lgam.

Shuningdek, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar qiymati $3,5 mlnga oshib, qariyb $1,02 mlrdga yetdi. Mamlakat oltin-valyuta zaxiralarida aksiya va obligatsiyalarning ulushi atigi 1,85% ni tashkil etadi.

Avvalroq Spot 5 grammlik oltin quyma narxi ilk bor 7,9 mln so‘mdan oshgani haqida yozgandi.