Rasmiy statistikani tayyorlovchilarning statistika uslubiyotlari auditdan o‘tkaziladi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Audit Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan o‘tkaziladi. Auditdan o‘tkazish statistikani ishlab chiquvchilar bilan kelishgan holda har yili tasdiqlanadigan reja-jadvalga asosan tashkil etiladi.

Bunda tayyorlovchida statistika uslubiyotlari auditdan besh yilda kamida bir marta o‘tkaziladi.

Auditning asosiy vazifalariga ko‘ra, foydalanilayotgan statistika uslubiyotlarining xalqaro tavsiyalarga muvofiqligi baholanadi. Shuningdek, tayyorlanayotgan va eʼlon qilinayotgan statistika maʼlumotlarining foydalanilayotgan statistika uslubiyotlariga mosligi aniqlanadi.

Shu bilan birga, kamchiliklarni bartaraf etishga, statistika uslubiyotlarini va statistika maʼlumotlarini tayyorlash faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan takliflar hamda tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Milliy statistika qo‘mitasi har yili 1-dekabrga qadar tayyorlovchining statistika uslubiyotlarini auditdan o‘tkazish bo‘yicha kelgusi yil uchun audit o‘tkazish reja-jadvalini tasdiqlaydi.

Avvalroq kelasi yilning 15-yanvaridan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish boshlanishi haqida xabar berilgandi.