O‘zbekiston 2025-yilda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng tez o‘sayotgan beshta mamlakatdan biri bo‘ladi. Bu haqda Jahon bankining “Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti: bandlik va farovonlik” hisobotida qayd etilgan.
Taʼkidlanishicha, bozorlari shakllanayotgan va iqtisodiyoti rivojlanayotgan YeMO mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish sur‘atlari sekinlashdi. Shu bilan birga, ushbu mamlakatlar saqlanib qolayotgan global va mintaqaviy tahdidlarga qaramay, barqarorlik tendensiyalarni namoyish etishda davom etmoqda.
2025-yilda mintaqada iqtisodiy o‘sish o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga (3,7%) nisbatan past — 2,4% bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bu 2026−2027-yillarda o‘rtacha 2,6% ni tashkil etishi mumkin. O‘sishga iste‘mol, ish haqi, pul o‘tkazmalari, infratuzilma investitsiyalari va savdoning tiklanishi ta‘sir qiladi.
Biroq, tuzilmaviy islohotlardagi sustlik, geosiyosiy xavflar, savdo keskinligi va inflyatsiya mintaqa iqtisodiyotlari uchun asosiy xatar bo‘lib qolmoqda.
YeMO mintaqasi iqtisodiyotlari orasida Markaziy Osiyo mamlakatlarida yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari ketma-ket uchinchi yil eng yuqori bo‘lib qolmoqda. Prognozlarga ko‘ra, joriy yilda submintaqada o‘sish 5,9% ni tashkil etadi. Lekin, 2026-yilda ko‘rsatkich 5% gacha pasayadi.
O‘zbekiston 2025 va 2026-yillarda YeMO mintaqasida eng yuqori o‘sish sur‘atlariga ega bo‘lgan beshta iqtisodiyot qatorida qoladi.
Mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 2025-yilda 6,2% ni, 2026-yilda esa 6% ni tashkil etishi kutilmoqda. Bu bankning iyun oyidagi hisobotidagi prognozdan mos ravishda 0,3 hamda 0,1 foiz punktga yuqori.
Jahon banki hisobotida qayd etilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini rivojlantirish yo‘lidagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishlari kimyo sanoati, AKT xizmatlari va meva-sabzavotchilikni qamrab oladi. Kimyo sanoatida raqobatbardoshlik va energiya samaradorligini oshirish ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, tartibga solish va nazorat funksiyalarini tijorat faoliyati bilan ajratish, shuningdek, kimyoviy mahsulotlarga subsidiyalar, narx cheklovlari va eksport nazoratini bosqichma-bosqich bekor qilishga bog‘liq.
Mamlakatda AKT sektori salohiyati keng polosali internet qamrovi va foydalanish imkoniyatining yetarli emasligi bilan cheklanmoqda.
Meva-sabzavotchilik sohasida xalqaro standartlar va sertifikatlashni joriy etish, eksport qilishda oldindan to‘lov talablarini bekor qilish, shuningdek, zamonaviy sug‘orish tizimlariga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlari sohasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish orqali eksportni ko‘paytirish mumkin.
Avvalroq OTB joriy va kelasi yil uchun O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish prognozini o‘zgarishsiz qoldirgani haqida xabar berilgandi.