O‘zbekistondagi banklar mijozlarga kreditlarni qaytarish jadvallarini aniqlashtirish majburiyatini noqonuniy ravishda yuklamoqda. Bu vaziyatga Markaziy bank eʼtibor qaratdi.

Regulyator maʼlumotlariga ko‘ra, to‘lov jadvallariga o‘zgartirishlar kiritilganda, ayrim kredit muassasalari qarz oluvchilardan yangi versiyalarni so‘rashni talab qilmoqda. Shartnomalarda o‘zgarishlar haqida faqat mijozning so‘rovi bo‘yicha xabar beriladigan shartlar ko‘rsatilmoqda.

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonun ning 66-moddasi mijozlarga xizmat ko‘rsatish shartlari va narxi haqidagi maʼlumotni berishni rad etishni taqiqlaydi. Markaziy bank taʼkidlaganidek, banklar kreditlar berish shartlari to‘g‘risida to‘liq maʼlumot berishlari shart.

“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun xizmat ko‘rsatuvchilardan mijozlarga xizmatlar haqidagi to‘liq maʼlumotni aniq, tushunarli va o‘z vaqtida yetkazishni talab etadi. Shartnomaga mijozlarning huquqlarini cheklaydigan talablarni kiritish mumkin emas.

Regulyator taʼkidlaganidek, kreditni qaytarish jadvali kredit shartnomasining ajralmas qismi hisoblanadi. Agar qarz oluvchi jadvaldagi o‘zgarishlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lmasa, bu muddati o‘tgan qarzdorlik, ortiqcha foizlar, jarimalar xavfini tug‘diradi, shuningdek, bank va qarz oluvchi o‘rtasida nizo keltirib chiqarishi mumkin.

Markaziy bank banklar mijozlarning so‘rovlaridan qatʼi nazar, kreditlarni qaytarishning dolzarb jadvallarini taqdim etishlari kerakligii taʼkidladi. Ular ustun muzokara kuchiga ega tomon sifatida mijozlarga masʼuliyatni yuklash huquqiga ega emas.

Barcha banklar kelajakdagi kredit shartnomalaridan so‘rov shartlarini olib tashlashlari, shuningdek, bunday shartlarni bekor qilish uchun amaldagi kelishuvlarni o‘zgartirishlari lozim. Ularga mijozlarga kredit qoldig‘i, keyingi to‘lovlar sanasi va miqdori, shu jumladan foizlari aniq ko‘rsatilgan yangi jadvallarni taqdim etish majburiyati yuklatiladi.

Avvalroq Markaziy bank isteʼmolchilar bilan o‘zaro munosabatlarda qonunchilik talablariga rioya etmagani uchun Hamkorbank, Davr bank va TBC bankka jami 2,5 mlrd so‘m jarima solgandi.