Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimini takomillashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, sohada 30 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lsa-da, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha yaxlit dastur hanuzgacha mavjud emas.
Bundan 16 yil avval qabul qilingan “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonun bugungi kun talablariga javob bermaydi, deyiladi xabarda. Shu bois xavf-xatarlarni oldindan baholab, imkon qadar tez va samarali harakat qiladigan proaktiv tizim yaratish vazifasi qo‘yilgan.
Taqdimotda mutasaddi rahbarlar joriy holat bo‘yicha tahlil natijalari, aniqlangan muammolar va amaliy takliflar yuzasidan axborot berdi.
Yig‘ilishda profilaktika ishlari bugungi kunda asosan davlat tuzilmalarida olib borilayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, favqulodda hodisalarning 70% dan ortig‘i — aholi xonadonlarida gaz va elektr jihozlarining nosozligi yoki eskirganligi, shuningdek, oddiy xavfsizlik madaniyatiga rioya qilmaslik oqibatida ro‘y bermoqda.
Prezident tizim ishini mahalla darajasida yo‘lga qo‘yib, har bir ko‘cha va xonadonni favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralari bilan qamrab olish, xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, raqamli infratuzilmani barpo etish, favqulodda holat signali kelishidan to uni bartaraf etishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish, yangi ish mexanizmlarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.
Tezkorlikni oshirish uchun zamonaviy texnika va uskunalar sonini ko‘paytirish, ularni mamlakat ichida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish lozim. Bundan tashqari, texnogen xavflarning yangi turlarini o‘z vaqtida aniqlash va oldini olish imkonini beradigan kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish topshirildi.
Mirziyoyev dual ta’lim va malaka oshirish markazini tashkil etish, professional qutqaruvchilar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, FVV Akademiyasida ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.