9-oktabr kuni o‘lchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
1 gramm oltin 1 mln 608 ming 510 so‘mga baholanmoqda. 5 grammlik o‘lchovli quyma 8 mln 43 ming so‘mdan sotilmoqda.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 8 mln 43 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 16 mln 85 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 32 mln 170 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 80 mln 425 ming so‘m;
- 100 gramm oltin quyma narxi 160 mln 851 ming so‘mni tashkil qiladi.
Yil boshidan beri mahalliy bozorda oltin narxi 39-marta yangi rekord darajasiga ko‘tarildi va shu davr mobaynida umumiy o‘sish 42%ni tashkil etdi. 2024-yilning ayni shu kuniga nisbatan oltin quymalari narxi deyarli 44% ga oshdi.
9-oktabr kuni oltinning jahon kotirovkalari troya unsiyasi uchun $4000 lik qiymatni saqlab turibdi.
Xabar nashr qilinayotgan vaqtda oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $4059,12ni tashkil qildi.
Talab dollarning qadrsizlanishi va barqaror inflyatsiya, shuningdek, AQShda bir haftadan ortiq davom etayotgan shatdaun fonida o‘sib bormoqda.
Shu bilan birga, Bank of America tahlilchilari bozorning haddan tashqari qizishi tufayli yaqin kelajakda narxlarning pasayishini istisno qilmayapti. Hozirda oltin qiymati so‘nggi 200 kunlik o‘rtacha ko‘rsatkichdan 20% ga yuqori, oldingi o‘sish davrlarida esa eng yuqori ko‘rsatkich o‘rtacha ko‘rsatkichdan 25% atrofida bo‘lgan.