Samarqandda xorijiy korxona tomonidan tabiatga 7 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazildi, deb xabar berdi Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.
Taʼkidlanishicha, Bulung‘ur tumanida joylashgan S. I. xorijiy korxonasi (E-auksion maʼlumotlariga ko‘ra, so‘z Sophia Industrial kompaniyasi haqida bormoqda — Spot). faoliyati yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, tumanda 11,3 gektar maydondagi lyossimon jinsdan iborat bo‘lgan Jomboy-3 uchastkasida geologik qidiruv ishlarini o‘tkazish uchun elektron onlayn auksion o‘tkazilgan.
Unda mazkur korxona g‘olib deb topilib, 2024-yil 27-noyabrda Geologiya vazirligi tomonidan ruxsatnoma berilgan.
Biroq korxona qazib olish uchun ruxsatnomani rasmiylashtirmagan va geologik o‘rganish uchun berilgan ruxsatnoma hamda auksion shartlarida ko‘rsatilgan talablarga rioya qilmagan. Noruda qazilmalarni noqonuniy qazish ishlari amalga oshirilgan.
O‘lchov ishlari natijasida xorijiy korxona 50 859,25 kubo metr tuproqni (lyossimon jinslar) noqonuniy qazib olgani aniqlandi.
Natijada “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi va “Yer qa‘ri to‘g‘risida"gi qonun talablari buzilib, tabiatga 7,37 mlrd so‘m zarar yetkazilganligi hisoblandi.
To‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborildi.
Buxoro va Navoiyda oltin qazib olayotgan 37 kishi qo‘lga olindi. Holatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga jami 20 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlandi.
Spot, avvalroq, Afg‘oniston O‘zbekistonga o‘z hududida geologiya-qidiruv ishlari uchun litsenziya bergani haqida yozgandi.