Yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qish xarajatlari bir qismi uchun subsidiya ajratiladi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, xorijiy tilni o‘rganish uchun 2+6 dasturi joriy etildi. Unga ko‘ra, dastlabki 2 oylik o‘qish to‘lovi talabgorning o‘z hisobidan qoplanadi, keyingi 6 oylik xarajat esa davlat tomonidan subsidiya qilinadi.
Subsidiya Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida ajratiladi.
2+6 dasturiga muvofiq, yoshlarga har oy yakuni bo‘yicha quyidagi miqdorda subsidiya beriladi:
- Toshkent shahrida — BHMning 2 baravarigacha (824 ming so‘mgacha);
- Qoraqalpog‘iston va viloyatlar markazlarida — BHMning 1,5 baravarigacha (618 ming so‘mgacha);
- tuman (shahar) larda — BHMning 1 baravarigacha (412 ming so‘mgacha).
Agentlik tomonidan 2025−2026-yillarda o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan 20 ming nafargacha, 2031-yilgacha har yili 20 ming nafargacha yoshlarga o‘qish xarajatlari uchun subsidiya ajratiladi.
Bunda tegishli yilda subsidiya ajratilgan yoshlar soni 20 ming nafardan oshgan taqdirda, o‘sha yil uchun subsidiya ajratish keyingi yilga qadar to‘xtatiladi.
Subsidiyalar faqat maxsus elektron platforma orqali ro‘yxatdan o‘tgan o‘quv markazlariga ajratiladi. Markazlar ariza beruvchilarning darslarda qatnashishini kunlik elektron nazorat qilish tizimiga integratsiya qilingan bo‘lishi shart.
Joriy yilning fevralida chet tillarini o‘rganuvchi yoshlar xarajatlarini qoplab berishning yangi tartibi joriy etilishi aytilgandi.
Spot, avvalroq, kasb va xorijiy tillarga o‘qitish uchun vaucher berish tartibi belgilangani haqida yozgandi.