O‘zbekistonda sun’iy intellektning milliy modelini yaratish uchun 10 milliard so‘zli ma’lumotlar bazasi shakllantirilmoqda. Bu haqda 8-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi Hukumat soatidagi nutqida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qildi.

Deputat Dilnoza Azizova mamlakatda sun’iy intellekt texnologiyalaridan o‘zbek tilida foydalanish imkoniyati cheklanganini qayd etib, vazirdan o‘zbek tili korpusida buni rivojlantirish uchun qanday ishlar amalga oshirilayotganini so‘radi.

Sherzod Shermatov xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarda birinchi navbatda sun’iy intellekt tizimlarida o‘zbek tilini joriy qilish masalasi ko‘rib chiqilishini aytdi. Ayrim kompaniyalar bilan xorijiy mamlakatlarda joriy qilingan modellarni mamlakatda amalga oshirish ishlari olib borilmoqda.

“Lekin, bizni eng qiynaydigan masala — sun’iy intellektni o‘qitish masalasi. Buning uchun esa axborot zarur. Bu masalalarda bizga juda katta yordam kerak. Biz kutubxona yoki boshqa til resurslarimizni sun’iy intellekt modellariga o‘qitib chiqishimiz zarur. Hozir ma’lumotlarni yig‘ish va tayyorlash ishlarini boshlaganmiz. O‘zbek tiliga befarq bo‘lmagan insonlarni esa hamkorlikka chaqirib qolamiz”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2030-yilgacha O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi doirasida ma’lumotlarni qayta ishlash va sun’iy intellekt asosidagi loyihalarni amalga oshirish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish ishlari olib borilmoqda.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratilgan $50 mln mablag‘lar yirik ma’lumotlar (Big Data) bazasini shakllantirish, hisoblash klasterlari, grafik ishlov berish bloklari va zamonaviy serverlarni joriy etishga yo‘naltirilmoqda. Bu orqali sun’iy intellekt sohasida o‘nlab ustuvor loyihalarni amalga oshirish va mamlakatning texnologik mustaqilligini ta’minlash imkoniyati yaratiladi.

Hozirda katta ma’lumotlar bazasini yaratish uchun turli sohalardagi 15 ta tashkilotdan ma’lumotlar yig‘ib borilmoqda. Elektron hukumat tizimi asosida 90 mingga yaqin ma’lumotlar to‘plami shakllantirilgan.

Sherzod Shermatov o‘zbek tilidagi “katta til modeli"ni (Large Language Model, LLM) yaratish uchun 10 milliard so‘zdan iborat o‘zbek tili korpusini tuzish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Mazkur o‘zbek tilidagi ma’lumotlar kitoblar, maqolalar, o‘quv va ilmiy nashrlar, shuningdek, boshqa elektron shakldagi materiallarni o‘z ichiga oladi.

10-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumining yalpi majlisida O‘zbekistonda milliy “Bulutli texnologiyalar” platformasi hamda sun’iy intellekt modeli yaratilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, 20 ta data-markaz qurilishi va “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi ishga tushirilishi qayd etildi.

30-iyun kuni prezidentning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida esa BAA bilan hamkorlikdagi dastur ishga tushirilayotgani ma’lum qilindi. Shu yilning o‘zida “AI study” platformasi orqali kamida 100 ming yoshlar sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganishi ko‘zda tutilmoqda.

Spot huquqshunos va texnologik siyosat bo‘yicha ekspert Ammar Yunus bilan O‘zbekistonga o‘z sun’iy intellekt modeli nima uchun zarurligi va nega global trendlardan andoza olmaslik muhimligini muhokama qilgandi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish hamda ularni iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.