Andijon viloyati Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari $15 ming olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
U tuman hududidan o‘tgan katta yo‘l bo‘yida 400 metr uzunlikdagi zovurni yopiq tizimga o‘tkazmoqchi bo‘lgan.
Natijada yuzaga keladigan 60 sotix yer maydonida har biri 30 kv/metr bo‘lgan jami 8 ta savdo do‘koni qurish uchun yer ajratish va tegishli hujjatlarni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan $15 ming talab qiladi.
Hokim o‘rinbosari oldindan $200 oladi. O‘tkazilgan tezkor tadbirda u qolgan $14,8 mingni olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari (Firibgarlik ko‘p miqdorda; xizmat mavqeidan foydalangan holda) va 28,211-moddasi 2-qismi “b” bandi (Pora berish ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sentabr oyi avvalida Namangan shahar hokimi $60 ming pora olganlikda gumonlanayotgandi.
Avvalroq Farg‘onada soliqchi $30 ming pora olayotganda ushlangandi.