Import qilingan telefonni deklaratsiya qilishga mo‘ljallangan mobil ilova ishga tushirildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Yo‘lovchi deklaratsiyasi ilovasiga OneID orqali kirilganda, pasport ma’lumotlari avtomatik to‘ldiriladi. Foydalanuvchi harakatlanish yo‘nalishini (kirish yoki chiqish) tanlashi hamda o‘zidagi valyuta mablag‘lari va tovarlarni ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.

Alohida funksiya O‘zbekistonga olib kirilayotgan mobil telefonni deklaratsiya qilish imkonini beradi. Ilovada qurilmaning IMEI raqamini shtrix-kod sifatida skanerlab kiritish mumkin.

Ilovadan foydalanish uchun chegara bojxona postlarida bepul Wi-Fi hududlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, Bojxona qo‘mitasi deklaratsiyalarni to‘ldirish uchun maxsus axborot kiosklari o‘rnatilishini eʼlon qildi.

Hozirda ilova Toshkent xalqaro aeroportida sinov rejimida ishlamoqda. 1-noyabrdan boshlab barcha chegara punktlarida mobil deklaratsiyani to‘ldirish imkoniyati qo‘shiladi.

Yo‘lovchi deklaratsiyasi ilovasini iOS qurilmalari uchun App Store‘dan, Android uchun esa Play Market‘dan yuklab olish mumkin.

Shavkat Mirziyoyev shu yilning mart oyidagi farmonida yo‘lovchilar uchun bojxona deklaratsiyalarini to‘ldirish mobil ilovasini ishga tushirishni topshirgan edi. Bundan tashqari, prezident inson omilisiz rasmiylashtiriladigan deklaratsiyalar ulushini ikki barobarga ko‘paytirish va 2028-yilga kelib bojxona tekshiruvi bilan chegarani kesib o‘tish ulushini 15% gacha kamaytirish vazifasini ham yuklagan.

Spot, avvalroq, Yuksalish umummilliy harakati import bojlarini pasaytirishga chaqirgani haqida yozgandi.