AQSh prezidenti Donald Trampning kenja o‘g‘li Berron Tramp TikTok direktorlar kengashiga kirishi mumkin.
Bu tayinlov Donald Tramp TikTok’ning Amerika bo‘linmasini Xitoy bosh kompaniyasidan ajratgan bitimdan so‘ng muhokama qilina boshlandi.
Daily Mail nashrining xabar qilishicha, kichik Trampni lavozimga tayinlash taklifini prezidentning ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha sobiq menejeri Jeyk Advent bergan.
Aynan u Tramp o‘zining Oq uyga qaytishining asosiy sabablaridan biri deb hisoblagan mem saylovoldi kampaniyasining ortida turgan edi.
Advent Tramp o‘g‘li va boshqa yosh amerikaliklarni direktorlar kengashiga tayinlash imkoniyatini ko‘rib chiqishiga umid bildirdi.
Uning fikricha, bu ilovaning yoshlar uchun jozibadorligini saqlab qoladi. Tramp, o‘z navbatida, avvalroq saylovlarda g‘alaba qozonishiga o‘g‘li sababchi bo‘lganini aytgandi.
Avvalroq Tramp platformaning Amerika bo‘linmasini AQShdan kelgan investorlar konsorsiumiga o‘tkazishni ma’qullagan farmonni imzolagandi.
AQSh tomoni TikTok’ning Amerika versiyasining taxminan 65%iga egalik qiladi. Platformani yaratgan ByteDance kompaniyasi, shuningdek, boshqa xitoylik investorlar aksiyalarning 20%idan kamrog‘ini saqlab qoladi.
2024-yil aprel oyida Jo Bayden tomonidan imzolangan platformani majburiy sotish to‘g‘risidagi qonun qabul qildi.
Amerikalik foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlariga tahdidning oldini olish uchun ByteDance TikTokni AQSh yoki unga yaqin yurisdiksiyadagi xaridorga sotishi kerak edi.
19-yanvarga o‘tar kechasi TikTok AQShda o‘z faoliyatini to‘xtatdi va amerikalik foydalanuvchilar uchun ilovaga kirishni, jumladan VPN orqali ham foydalanishni o‘chirdi. Biroq bir necha soatdan so‘ng platforma yana ishlay boshladi va kirish paytida “Prezident Trampning sa’y-harakatlari tufayli „TikTok“ AQShda yana faoliyat yuritmoqda!” degan xabar ko‘rsatildi.
19-yanvar kuni Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida TikTok’ning bloklanishiga yo‘l qo‘ymasligini va’da qildi. Uning aytishicha, bu qadam platformani amerikalik sherik 50% ulushga ega bo‘ladigan qo‘shma korxonaga o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuvga erishish imkonini beradi.
“Biz TikTok’ni qutqaramiz, uni ishonchli qo‘llarda saqlaymiz va faoliyatini davom ettirishiga imkon yaratamiz. AQShning roziligisiz TikTok mavjud bo‘lmaydi. Bizning roziligimiz bilan esa u yuzlab milliard, balki trillion dollarlarga teng qiymatga ega bo‘lishi mumkin,” — deb ta’kidladi tadbirkor.
20-yanvar kuni AQShning 47-prezidenti bo‘lgan Donald Tramp TikTok ijtimoiy tarmog‘ini bloklashni kechiktirish to‘g‘risida farmon chiqardi.
Farmonda Adliya vazirligiga “Do‘stlashmagan chet elliklar tomonidan nazorat qilinadigan ilovalar to‘g‘risida"gi Qonunning ijrosini 75 kunga kechiktirish vazifasi yuklatilgan.
Aprel oyida Donald Tramp AQShda TikTok faoliyatini yana 75 kunga uzaytirishga qaror qilganini ma’lum qildi.
12-iyun kuni AQShda TikTok sotuvini yana kechiktirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. 18-iyun kuni esa Tramp AQShda TikTok’ni bloklashni 90 kunga uzaytirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.