Avvalroq prezident issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini ko‘paytirish bo‘yicha farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, meva-sabzavot mahsulotlari uchun minimal eksport narxlarini belgilash amaliyoti bekor qilinadi.

Xususan, hukumatning 2024-yilning 29-fevralida qabul qilingan mamlakatda meva-sabzavot mahsulotlari eksportini tartibga solishga qaratilgan qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

Ushbu qaror bilan, o‘tgan yilning 1-mayidan O‘zbekistondan eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha shartnomalar qiymatini monitoring qilish va eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazorat o‘rnatildi. Mahsulotlarning eksport narxi pasayishining tafovuti 20% dan kam bo‘lmasligi belgilandi.

Keyinroq o‘rtacha eksport narxlari ham ma’lum qilingandi. O‘shanda Savdo-sanoat palatasi minimal narxlar belgilanishiga qaramay, mahsulotlar yuqori narxda jo‘natilayotganini qayd etgandi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu tartib bekor qilinishi bo‘yicha fikr bildirib, “xatolarni vaqtida va mardlarcha tan olish ham iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qilishini” taʼkidladi.

“Minimal eksport narxlari juda egiluvchan sharoitlarda ishlovchi kichik va o‘rta biznesga zarba bergani, konsentratsiyani oshirgani, yangi eksport bozorlariga raqobatli narxlar bilan kirib borishni to‘xtatgani, egri sxemalarni shakllantirgani va bozor dinamikasini tushunmaydigan yangi byurokratiyani yaratgani qoldi xolos”, — deb yozadi iqtisodchi.

Iqtisodchi, o’z navbatida, to‘qimachilik, charm-poyabzal va elektrotexnika mahsulotlarining eksport narxlariga o’rnatilgan minimal cheklovlarni bekor qilish kerakligini ta’kidladi.

“O‘zi umuman narxlarga maʼmuriy aralashuv bilan bog‘liq normativ hujjatlar to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilsa yaxshi bo‘lardi”, deya xulosa qilgan u.

Bundan tashqari, prezidentning mazkur farmoni bilan, dukkakli ekinlarni yig‘ish texnikasini xarid qilgan tadbirkorlarga texnika qiymatining 15% i, hamda lizing va kredit stavkasining 10% dan oshgan qismi qoplab beriladi. Mablag‘lar Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Spot, avvalroq, issiqxonalarga oktabr-mart oylarida gaz kafolatli hajmda yetkazib berilishi haqida yozgandi.