Hududgazta‘minot metan “zapravka"larga limit joriy etilgani haqidagi xabarlar bo‘yicha izoh berdi.

Taʼkidlanishicha, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida ayrim gaz taqsimlash stansiyalarida texnik-profilaktika ishlari olib borilgan. Shu bois ba‘zi zapravkalarda qisqa muddatli uzilishlar kuzatilgan.

“Hozirda respublika bo‘yicha metan „zapravkalar“ belgilangan tartibda faoliyat yuritmoqda. Tabiiy gaz ularga gaz taʼminoti korxonalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida yetkazib berilmoqda”, — deyiladi bayonotda.

Kompaniya vaqtinchalik noqulayliklar uchun fuqarolardan uzr so‘radi.

Shuningdek, yolg‘on yoki tekshirilmagan ma‘lumotlarni tarqatish orqali aholida sarosima uyg‘otish qonun bilan taqiqlangani va bunday xatti-harakatlar uchun javobgarlik belgilanganini eslatdi.

Sentabr oyi avvalida Ohangaron-Pungon quvuri orqali Farg‘ona vodiysi viloyatlariga tabiiy gaz yetkazib berish 1,5 sutkaga to‘xtatilgan edi. O‘zbekneftgaz cheklovlar davrida vodiy viloyatlariga benzin yetkazib berishni sezilarli darajada oshirgandi.

Gaz quyish shoxobchalari faoliyatida xavfsizlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan UGaz tizimi ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.

Spot, avvalroq, Farg‘onada qariyb 10 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan “zapravka” aniqlangani haqida yozgandi.