O‘zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasining asosiy qurilishi 2026-yil iyul oyida boshlanadi. Bu haqda Rosatom tarkibiga kiruvchi Atomstroyeksport’ning O‘zbekistonda AES qurish loyihasi direktori Pavel Bezrukov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AES qurilishi mamlakat uchun “tizim yaratuvchi soha"ga aylanadi. U mutaxassislar tayyorlash, o‘z ishlab chiqarish industriyasini yaratish, texnoparklar va energetika parklarini rivojlantirish, arzon elektr energiyasi va ishonchli energiya ta’minotini o‘z ichiga oladi.

Shu bilan birga, stansiya qurilishi va ekspluatatsiyasini o‘z ichiga olgan loyiha nafaqat O‘zbekistonga, balki qo‘shni davlatlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

“O‘zbekiston gaz va boshqa energiya resurslarining oddiy iste’molchisidan elektr energiyasi bilan ishonchli ta’minlanadigan ishlab chiqaruvchi mamlakatga aylanmoqda”, — dedi “Rosatom” vakili.

Bezrukovning aytishicha, 2026 yil iyul oyidan boshlab Jizzax viloyati Forish tumanida kichik atom elektr stansiyasini qurishning asosiy bosqichi boshlanishi kutilmoqda.

9-oktabr kuni O‘zbekistonda kichik atom elektr stansiyasini qurishning asosiy bosqichi boshlandi. Jizzax viloyatidagi qurilish maydonchasida RITM-200N reaktori o‘rnatilgan energoblok kotlovanini qazish ishlari boshlandi.

Avgust oyida O‘zatom rahbari Azim Ahmedxo‘jayev bo‘lajak kichik atom elektr stansiyasining birinchi betonini 2026-yil mart oyida quyish topshirilganini ma’lum qilgan edi. Amaldorning tushuntirishicha, beton quyish loyihani amalga oshirishning faol bosqichiga o‘tishni anglatadi, bu esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri stansiya qurilishiga olib keladi.


Avvalroq Spot AES Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarini energiya bilan ta’minlashi haqida yozgandi.