Avvalroq O‘zbekistonda mis sim eksportiga boj joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning qayd etishicha, prezident bu bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlagan. Bu $11−11,5 minglik tayyor mahsulotlarni eksport qilish hamda Yevropa va AQSh bozorlariga chiqish imkonini beradi.
Bundan tashqari, Vahobov davlat rahbari mis mahsulotlariga chegirmani 3 yilga uzaytirishni ma’qullaganini qayd etdi, bunda mahsulot OKMKdan 100% to‘lov bilan sotib olinadi.
Bu birja savdolarida shaffof tizim yo‘lga qo‘yiladi: oddiy sim va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida teng raqobat sharoitlari yaratiladi. Shuningdek, tovar-xom ashyo birjasida mis xaridorlari uchun qo‘shimcha $100 mln ajratiladi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov bu kabi chegirma va imtiyozlar navbatdagi xato qarorlar zanjirini yaratishini qayd etdi.
“Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga mis uchun 4%lik chegirmaning berilishi xato qaror bo‘lganini tan olmagunimizgacha, o‘sha xato qaror oqibatlarini tuzatmagungacha yangi va yangi to‘siqlarni qo‘yishda davom etaveramiz”, — deydi u.
Bakirovning fikricha, endilikda mis sim uchun 5%lik eksport boji ham yetarli bo‘lmay qoladi (gazga 20% lik boj gaz eksportini to‘xtatib qolayotgani kabi). “Ayniqsa mis narxi tinimsiz o‘sish trendini (bir tonnasi $11 mingga yaqinlashmoqda) namoyish etayotgan bir paytda, $8 700 dan olingan mis bilan bog‘liq spekulyatsiya to‘xtamaydi”, — ta’kidladi iqtisodchi.
U narxlarning erkin shakllanishiga aralashuv va imtiyozlar doim shunday oqibatlarni keltirib chiqarishini, ular bilan kurashish uchun esa yangi to‘siqlar qo‘yilishi va iqtisodiyotga yanada ko‘proq zarar yetkazilishini qayd etdi.
Abu-Dabidagi Nyu-York universiteti professori, iqtisodchi Behzod Hoshimov ham mis sim eksporti uchun boj joriy etilishi xatoligini ta’kidladi. Uning fikricha, eksportchilar hamda importchilarni erkin qo‘yish kerak.
“Eski davrlarda, chegaradan meva-sabzavot olib chiqayotgan tadbirkorlarni bojxona va chegarachilar ushlagani haqida videolar olinib, televizorda „qayta ishlanmagan tovarlarni olib chiqib, xalq rizqiga tajovuz qilayotganlar“ deb ayblashardi. Eksportga boj qo‘yish — juda xato qaror. Importga boj ham xuddi shunday, O‘zbekistonni kambag‘alashtiruvchi narsa, lekin eksportga har qanday boj — alohida, yanada og‘irroq masala”, — deb yozdi u.
Bir tomondan hukumat eksportchilarning transport xarajatlarini qoplab beradi, ikkinchi tomondan esa ularga boj soladi. Hoshimov aslida bu ikki chorani ham qilmaslikni, eksport qiluvchilar ham, import qiluvchilar ham “o‘z aravasini o‘zlari tortishi” kerakligini aytadi. U bunga misol sifatida bir tarafdan eksportni ko‘paytirish uchun forum va ko‘rgazmalar o‘tkazilishi, boshqa tarafdan esa bojlar joriy qilinishini keltirdi.
Behzod Hoshimovning so‘zlariga ko‘ra, eng to‘g‘ri yo‘l — hukumat bojlar bo‘yicha hech qanday qaror chiqarmasligida. “Chunki boj bu — soliq. Uni parlament kiritishi, undan avval esa uning iqtisodiy zararlari haqida aniq hisob-kitoblarni millat vakillari ko‘rib, maslahatlashishi kerak”, — deya xulosa qildi u.