Qonunchilik palatasi majlisida retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy aylanmasi uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat hamda Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga retsept asosida beriladigan dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi jazo choralarini kuchaytirish taklif etilmoqda.
Jumladan, MJtKga tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lmagan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun amalda belgilangan jarimalar miqdorini BHMning 50 baravaridan 100 baravargacha (20,6 mln so‘mdan 41,2 mln so‘mgacha) oshirish taklif etilmoqda.
Kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini esa retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun jarimalar miqdori 100 baravardan 200 baravargacha (41,2 mln so‘mdan 82,4 mln so‘mgacha) oshirilishi mumkin.
Ayni ushbu harakat uchun ma‘muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, jinoiy javobgarlik belgilanadi. Shuningdek, BHMning 200 baravardan 300 baravargacha (82,4 mln so‘mdan 123,6 mln so‘mgacha) miqdorda jarima jazosi qo‘llaniladi.
Munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Majlisda oxirgi yillarda retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy muomalasi, ularni qonunga xilof ravishda realizatsiya qilish va inson hayoti uchun xavfli oqibatlarga sabab bo‘layotgan holatlar ko‘payayotgani qayd etildi.
Tahlillarga ko‘ra, 2022−2025-yillarda 18 mlrd so‘mlik 285 ming dona dori vositasi noqonuniy aylanmadan olib qo‘yilgan. 2024-yilda bunday holatlar 2022-yilga nisbatan 3 baravarga ko‘paygan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda dorilarni elektron retsept asosida yozish tartibi belgilangani haqida yozgandi.
Retseptlar QR-kod bilan tasdiqlanib, bemorning elektron tibbiy kartasida qayd etiladi hamda dorilar harakati nazorat ostida bo‘ladi.