Google yaqin besh yil ichida Hindiston janubida sun’iy intellekt infratuzilmasi markazini yaratishga taxminan $15 mlrd sarmoya kiritmoqchi, deb yozadi Bloomberg.

Hindistonlik magnat Gautam Adani uning AdaniConneX kompaniyasi loyiha doirasida Google bilan, shuningdek, mamlakatdagi ikkinchi yirik simsiz aloqa operatori Bharti Airtel bilan hamkorlik qilishini aytdi.

Bu Google’ning Hindistonga kiritgan eng yirik investitsiyasi hisoblanadi. Loyiha mintaqaviy hukumatning mahalliy darajada sun’iy intellekt sanoatini rivojlantirishni jadallashtirish rejasining asosi bo‘ladi, deyiladi Amerika kompaniyasi bayonotida.

Bloomberg News’ga ko‘ra, Hindistonning Andhra Pradesh shtati 2029-yilgacha umumiy quvvati 6 gigavatt bo‘lgan ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini joylashtirmoqchi ekanligi haqida mintaqa texnologiya vaziri Nara Lokesh ma’lum qildi.

Google AQShning boshqa texnologik yetakchilari qatoriga qo‘shilib, dunyodagi sun’iy intellekt rivojlanishining eng yirik benefitsiarlaridan biri bo‘lgan Hindistonga sarmoya kiritmoqda.

Amazon 2030-yilgacha Janubiy Osiyodagi ushbu mamlakatda bulutli infratuzilmani yaratishga $12,7 mlrd sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda, OpenAI yaratuvchisi esa mintaqada 1 gigavatt quvvatga ega markazlarni yaratishni maqsad qilgan.

2027-yilga borib Hindistonda ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari bozoriga kiritilgan investitsiyalar hajmi $100 mlrddan oshishi kutilmoqda.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi texnologiyalarni mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlash va millionlab odamlarni qashshoqlikdan qutqarishning kaliti deb atadi.

Biroq, mamlakat iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ulkan rejalarini amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda, chunki suv resurslarining cheklanganligi va ishonchsiz elektr ta’minoti jiddiy to‘siqlar bo‘lib qolmoqda.