Chernogoriya O‘zbekiston va boshqa davlatlar fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi. Bu haqda 9-oktabr kuni mamlakat hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

98-sessiyada bosh vazir Miloyko Spayich boshchiligidagi Vazirlar Mahkamasi Armaniston, O‘zbekiston va Misr fuqarolarini vizalardan vaqtincha ozod qilish to‘g‘risidagi avvalgi qarorlarni o‘zgartirdi.

Chernogoriya hukumati bayonotida aytilishicha, bu o‘zgarishlar milliy viza siyosatini Yevropa Ittifoqi siyosati bilan uyg‘unlashtirishga, shuningdek, 2024−2027-yillarga mo‘ljallangan islohotlar dasturi va YIga a’zolik bo‘yicha 24-bobning yakuniy mezonlari talablariga muvofiq amalga oshirilmoqda.

“Bugungi tuzatishlar yuqorida tilga olingan mamlakatlar (O‘zbekiston, Armaniston va Misr — Spot izohi) fuqarolari uchun viza talablaridan vaqtincha ozod qilish to‘g‘risidagi avvalgi qarorlarning amal qilishini to‘xtatadi. Shu bilan Chernogoriyaning Yevropa Ittifoqiga to‘laqonli a’zo bo‘lishga qat’iy sodiqligini aniq ifodalaydi”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov Spot so‘roviga javoban Chernogoriya bilan vizasiz rejim turistik mavsum davrida — 15-iyundan 30-avgustgacha amal qilishini bildirdi. Bu davrda o‘zbekistonliklar mamlakatga turistik vaucher orqali tashrif buyurishlari mumkin. Qolgan vaqtlarda esa Moskvadagi Chernogoriya elchixonasi orqali viza rasmiylashtirish kerak.

Biroq vazirlik Chernogoriya tomonidan o‘zbekistonliklar uchun vaqtinchalik vizasiz rejim bekor qilingani haqida hozircha ma’lumotga ega emasligini ma’lum qildi.

2023-yil aprel oyida Chernogoriya hukumati O‘zbekistondan kelgan sayyohlar uchun viza talabini bekor qilishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Iyun oyidan boshlab ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgandi. Xususan, Uzbekistan Airways Prestige Travel turoperatori bilan birgalikda Tivat kurort shahriga parvozlarni amalga oshirdi.

O‘zbekiston 2019-yilning fevralida Chernogoriya fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilgan. Ular mamlakatda 30 kun davomida vizasiz qolishlari mumkin.

Avvalroq Spot Saudiya Arabistoni barcha viza egalari uchun umra ziyoratiga ruxsat bergani haqida yozgandi. Ruxsat berilgan vizalar ro‘yxatiga shaxsiy va oilaviy, elektron turistik, tranzit va ishchi vizalar hamda boshqalar kiradi.