Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev mahalla tizimini rivojlantirish va joylardagi ish samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgandi. Mahalla markazlari qurilishi uchun imtiyozlar joriy etish rejalashtirilmoqda.
Prezident mahallalarda ijtimoiy muhitni yaxshilash, yoshlar bilan tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish masalalariga to‘xtaldi. Xususan, hokimlar, mahalla faollari va nuroniylarni tizimli hal etilishi zarur bo‘lgan oilaviy muammolarga e’tibor qaratishga chaqirdi.
Qayd etilishicha, yil boshidan buyon 32 mingga yaqin oila ajrashgan. 16 ming ota-ona aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgani, oilasi va bolalarini kredit qarzlari bilan tashlab ketish holatlari uchramoqda.
Shuningdek, yaqin qarindoshlar va erta nikohning salbiy ta’siri ham qayd etilgan. Yoshlarga oila qurishda ham o‘zi, ham turmush o‘rtog‘i va farzandlari oldidagi mas’uliyatni tushuntirish kerak, dedi prezident.
Davlat rahbari ajrimlarda taraflar, ayniqsa, farzandlar og‘ir moddiy ahvolga tushishining oldini olish uchun nikoh shartnomasi tuzishning afzalliklarini targ‘ib qilish lozimligini ta’kidladi.
Bu qadam tomonlarning huquqlarini himoya qilishga va ajralish holati yuz berganda oila uchun moddiy qiyinchiliklarning oldini olishga yordam beradi.
Bungacha sentabr oyida prezident notariat sohasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqlagan edi. 1-dekabrdan boshlab O‘zbekiston hududida notarial tasdiqlangan nikoh shartnomalarining asl nusxasini taqdim etish talabi bekor qilinadi — ularning elektron nusxalari “Notarius” onlayn tizimida saqlanadi.
Avvalroq Spot endi to‘y va oilaviy marosimlar belgilangan cheklovlar asosida o‘tkazilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan qo‘shimcha rasm-rusum va shoularni o‘tkazishga ruxsat etilmaydi.