Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini yaxshilash va ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda ayrim mahallalar, ko‘chalar, qurilishlar atrofi, ariqlar, xiyobonlarda ozodalik talablariga rioya etilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Butun mamlakatda tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilinadi. Har bir tuman va shahar hokimi ko‘chasi, yo‘li, arig‘i, xiyobonini tartibga keltirib, doimo ozoda tutishi shartligi qayd etildi.

Obodonlashtirishga mas’ul hokim o‘rinbosarlariga bugundan 24 soat ishlaydigan brigadalar tashkil qilib, ko‘cha, xonadon, ko‘p qavatli uy, ijtimoiy obyektlar atrofini tozalash topshirildi. “Toza hudud” korxonalariga qarashli maxsus texnikalar ham bunga to‘liq safarbar qilinadi.

IIV va Milliy gvardiyaga chiqindi tashlaganlik uchun jarima qo‘llash vakolati berilgani qayd etilib, ularga joylarga chiqib, shahar va tuman markazlarida kunlik nazorat o‘rnatish topshirildi.

Mahallalar aholisi o‘zlari daraxt ekib, parvarish qilishga, yashil hududlarni ko‘paytirishga tayyorligi aytilib, birorta hokim yoki mahalla raisi tayinli joyni ko‘rsatib bermayotgani tanqid qilindi.

Endilikda yashil hudud qilish tashabbusi bilan chiqqan “mahalla yettiligi”, aholiga tuman hokimi 10 sotixgacha yer maydonini ajratib beradi. Hokimlar va “yettilik” buning ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi, bu yerlar boshqa maqsadlarga berilsa, chora ko‘rilishi haqida ogohlantirildi.

Joriy yilning iyun oyida Bosh prokuraturaga boshqa maqsadlar uchun berib yuborilgan yashil hudud, sport maydonchasi, bolalar o‘yingohlarini joyiga qaytarish bo‘yicha topshiriq berilgandi.

Yig‘ilishda to‘rt oy ichida 20 gektar yashil hudud, 107 ta sport maydonchasi va bolalar o‘yingohi tiklangani ma’lum qilindi.

Davlat rahbari bunday joylarning barchasi joy-joyiga qo‘yilmaguncha ishni davom ettirish vazifasini qo‘ydi.

Avvalroq Toshkentda chiqindilarni noqonuniy tashlash bo‘yicha 808 ta holat aniqlangani haqida xabar berilgandi. Belgilanmagan joylarga eng ko‘p chiqindi tashlash holatlari Olmazor, Uchtepa va Yunusobod tumanlarida kuzatildi.