Avvalroq Shavkat Mirziyoyev suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish, suv resurslarini boshqarish tizimini yaxshilash yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Unda quyi bo‘g‘indagi xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Ehtiyoj va mavsumiy sharoitdan kelib chiqib, xizmatlarda shtatlarning o‘zgaruvchan boshqaruv tizimi joriy etiladi. Xizmatlarning samaradorligi KPI ko‘rsatkichlari asosida baholanadi.
2026-yildan boshlab xodimlarni rag‘batlantirish tizimi amaliy natijalarga bog‘lanib, yetkazilgan suv miqdori va foydalanilgan hajm o‘rtasidagi tafovut asosida baholanadi.
Muassasalarning moliyaviy mustaqilligini oshirish uchun suv solig‘idan tushgan mablag‘larning 40% ini o‘zining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirishiga ruxsat beriladi.
Yig‘ilishda suv xo‘jaligi nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish amaliyoti kengaytirilishi qayd etildi.
2026-yilda Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridagi nasos stansiyalarning 50%i, 2027-yilga borib esa Namangan viloyatidagi barcha nasos stansiyalarini xususiy sheriklikka berish rejalashtirilmoqda.
Xususan, Namangan viloyatining Chortoq tumanida “bir nasos — bir tizim” tamoyili asosida “Chortoq tajribasi” amalga oshiriladi.
Bunda xususiy sherik iste’molchilarni suv limiti doirasida suv bilan ta’minlaydi, nasoslarga bog‘langan maydonlardan hisoblangan suv solig‘ining 40%i xususiy sherikka to‘lab beriladi. Ushbu mablag‘lar hisobiga suv hisobi avtomatlashtiriladi va nasos stansiyalari bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinadi.
Tajribaning mazmun-mohiyati va afzalliklarini dehqon va fermerlarga yetkazish maqsadida “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida 2025−2026 yillarda har bir tumanda bittadan “o‘quv dala-shiypon” tashkil etilib, jami 141 ta tumanda 3,5 ming gektar maydon qamrab olinadi.
2024-yilning avgust oyida qabul qilingan DXShni rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori bilan Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan yirik nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgandi. Bunda 2026-yil yakunigacha qiymati $300 mlnlik nasos stansiyalarini qurish va boshqarish bo‘yicha tender o‘tkazib, kelishuvga erishish belgilangan.
Joriy yilning sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifi doirasida Chortoqdagi Ayqiron-1 nasos stansiyasida bo‘lib, bu tajriba asosida viloyatdagi barcha nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, mamlakatning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha topshiriq bergandi.